Migratsiya agentligi va Makedoniyaning Kouzon Corporation kompaniyasi ijrochi direktori Zoran Kochoski o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda, kruiz kompaniyalari mehnat faoliyatini hamkorlikda tashkillashtirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Endilikda xorijda ishlash istagida bo‘lgan ingliz tilini biladigan o‘zbekistonliklarga turistik kemalarida tashkillashtirilgan tarzda ishga joylashtirish imkoniyati yaratiladi.
Kouzon Corporation 28 yildan buyon dunyo bo‘ylab 18 ta davlatda faoliyat yuritmoqda. Laynerlar — O‘rta yer dengizi Tinch okeani, Skandinaviya, Boltiq, Karib dengizi kabi yo‘nalishlarda harakatlanadi.
Kompaniya ushbu laynerlarga malakali kadrlarni tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha katta tajribaga ega, yiliga dunyo bo‘ylab 20−25 minggacha mutaxassislarni ish bilan ta’minlaydi.
Kemalardagi oylik maoshlar dastlabki 6 oylik shartnomada $1200 dan boshlanadi, so‘ngra ikki oy ta’til beriladi va keyingi olti oylik yangi shartnomaga tajribaga qarab maosh ko‘tarilib boradi hamda $4000 gacha yetadi. Yashash bilan bog‘liq xarajatlar kompaniya hisobidan qoplanadi.
Tomonlar kelishuviga ko‘ra, ishlash uchun zarur bo‘lgan C1/D tranzit vizasini olish jarayonlari soddalashtiriladi va ish beruvchi tomonidan 45 — 90 kun oralig‘ida rasmiylashtiriladi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Shvetsiya mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuv imzolagani haqida yozgandi.
Deklaratsiya noqonuniy migratsiyaga chek qo‘yish, axborot almashish va konsullik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaxshilashga qaratilgan.