Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Namangan viloyati bojxona boshqarmasiga qarashli Uchqo‘rg‘on chegara bojxona posti inspektori pora bilan ushlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Bojxona nazorati va rasmiylashtiruv guruhi inspektori xorijdan olib kelingan 57 dona Iphone 16 Pro Max telefonlarini Toshkent xalqaro aeroporti bojxona xodimi orqali UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga har bir uyali aloqa vositasi uchun $100 dan, jami $5700 talab qilgan.
Shu bilan birga, u fuqaro tomonidan chet eldan deklaratsiyada ko‘rsatmasdan olib kelingan kiyim-kechaklar uchun chora ko‘rmaslik evaziga $400 so‘ragan.
Inspektor joriy yilning 11 va 14-iyul kunlari so‘ralgan pul mablag‘idan $900 hisobida 11,32 mln so‘mni o‘zi va qarindoshiga tegishli bank plastik kartalariga o‘tkazib olgan.
Ammo, 16-iyul kuni $1000 hisobidagi 12,5 mln so‘mni qarindoshining plastik kartasiga o‘tkazayotgan vaqtida DXX, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan bojxona inspektoriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq joriy yilda bojxonada musodara qilingan valyuta miqdori 3 barobar, zargarlik buyumlari esa 2 barobar ko‘paygani haqida xabar berilgandi.