01
Arizalar qanday topshiriladi?
15-iyuldan 2025/2026-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish uchun onlayn arizalar qabuli boshlandi.
Bunda quyidagi tizimlar orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin:
- 2 ta uzrli sababga ko‘ra, bir davlat oliy ta’lim muassasasidan boshqa oliygohga yoki bir oliy ta’lim muassasasi doirasida — transfer.edu.uz sayti;
- xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga — my.uzbmb.uz sayti orqali.
Arizalar 5-avgustga (shu kuni ham) qadar qabul qilinadi.
02
Kimlarga ruxsat beriladi?
Davlat oliy ta’lim muassasasining biridan boshqasiga talabalar o‘qishini ko‘chirishga faqatgina quyidagi holatlarda ruxsat beriladi:
- talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda;
- davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida.
03
Keyingi jarayon qanday?
Qabul qiluvchi oliy ta’lim muassasasi rektori tegishli vazirlik (idora) yoki Davlat komissiyasining rasmiy xati asosida buyruq qabul qiladi.
Qabul qiluvchi muassasa talaba avval tahsil olgan oliygohiga shaxsiy yig‘ma jildni yuborish haqida so‘rovnoma taqdim etadi.
Avvalgi oliy ta’lim muassasasi ushbu so‘rovnomaga asosan talabani uch kun ichida safdan chetlatganligi haqida buyruq chiqaradi va shaxsiy yig‘ma jildni (yoki yopiq yo‘nalishlarda akademik ma’lumotnomani) qabul qiluvchi muassasaga yoki ariza bilan talabaga topshiradi.
04
Grantdagilar uchun qanday shartlar bor?
Davlat granti asosida tahsil olayotgan talaba mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) ga ko‘chirilganda, grant saqlanadi.
Ko‘zi ojizlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ajratilgan maxsus kvota doirasida ham davlat grantlarini saqlagan holda ko‘chirish amalga oshiriladi.
Boshqa barcha holatlarda, shu jumladan xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan ko‘chirish, to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
05
Xorijdan o‘qishni ko‘chirish tartibi qanday?
Umumiy holatda talabadan ko‘chirilayotgan oliy ta’lim muassasasi yo‘nalishi bo‘yicha maxsus sinov (test, yozma ish yoki kasbiy (ijodiy) imtihon) talab etiladi. Natija Davlat komissiyasiga taqdim etiladi.
Turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi xorijiy davlatdagi davlat xizmati joyidan Tashqi ishlar vazirligi tomonidan rasman mamlakatga qaytarilgan, shuningdek, hukumat qarorlari yoki topshiriqlari bilan xorijga o‘qishga yuborilgan talabalar sinovlarsiz, komissiya qarori bilan ko‘chiriladi.
Xalqaro reytingda top-1000 talik ro‘yxatdan joy olgan Rossiya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotganlar, sinovlarsiz (komissiya qarori bilan) to‘lov-kontrakt shaklida ko‘chirilishi mumkin.
Magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar ko‘chirilishiga ruxsat berilmaydi.
Ko‘chirilayotgan oliy ta’lim muassasasida talabaning tanlagan o‘quv tili mavjud bo‘lmasa, o‘qitish tili fuqaroning arizasi asosida belgilanadi.
06
Nomzodlar qachondan talabalar safiga qabul qilinadi?
Qabul qiluvchi oliy ta’lim muassasasi rektori buyruqni talaba ilgari ta’lim olgan muassasadan shaxsiy yig‘ma jild (yoki yopiq yo‘nalish holatida akademik ma’lumotnoma) kelib tushgandan so‘ng rasmiylashtiradi.
To‘lov-kontrakt asosida o‘qishi ko‘chirilganlar belgilangan shartnoma to‘lovlarini to‘liq amalga oshirgandan keyin 10 kun muddatda talabalar safiga qabul qilinadi.
07
Fanlarda farqlar aniqlansa-chi?
Bunda talaba akademik qarzdor sifatida qabul qilinadi. Joriy semestr davomida akademik qarzdorlik bartaraf etilgach, oliy ta’lim muassasasi rektori talabaga stipendiya berish haqida buyruq qabul qiladi.
08
Kontraktdagilar nima qiladi?
Yuridik shaxs bilan tuzilgan shartnoma asosida tahsil olayotgan talabalar uchun ko‘chirish, birinchi navbatda, mazkur yuridik shaxsning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi.
Rozilik berilmasa, ko‘chirish taqiqlanadi.
09
Yana qabul bo‘ladimi?
Asosiy qabul jarayoni quyidagicha:
- har yili 15-iyuldan 5-avgustgacha arizalar topshiriladi;
- o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha qarorlar 5-avgustdan 30-avgustgacha qabul qilinadi.
Uzrli yoki majburiy sabablar mavjud bo‘lgan holatlarda esa bu quyidagicha:
- har yili 20-dekabrdan 20-yanvargacha qabul qilinadi;
- javoblari 25-yanvardan 15-fevralgacha chiqariladi.