Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan ish izlovchilar hamda ish beruvchilar uchun platforma ishga tushirildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Osonish.uz platformasida talabgorlar o‘z rezyumelarini (CV) yaratib, uni platformaga yuklashlari hamda mavjud e’lonlar orqali kerakli ish uchun ariza qoldirish mumkin. Shu bilan birga, tashkilotlarning bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi e’lonlari qabul qilinadi.

Barcha xizmatlar bepul ko‘rsatiladi hamda talabgorlardan hech qanday hujjat talab etilmaydi.

Raqamlashtirilgan jarayonlar orqali ish izlayotganlarning rezyumelari ish beruvchilarga tavsiya qilinadi. Bunda nomzodlar o‘z mutaxassisliklari, hudud va tashkilot, shu bilan birga, ish haqi miqdorini kirish orqali ishlarni izlashlari mumkin.

Hozirda platformada 80 dan ortiq ish beruvchilar tomonidan joylangan mingdan ortiq e’lonlar mavjud. Rezyumelar soni esa 1608 tani tashkil etadi, shundan 56 ta nomzod ishga joylashgan.

Avvalroq nogironligi bo‘lganlar bandligini ta’minlagan tadbirkorlarga subsidiya ajratish tartibi belgilangani haqida xabar berilgandi. Bitta tashkilot nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun jami 500 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda subsidiya olishi mumkin.