O‘zbekistonda to‘qimachilik klasterlari fermerlar oldida katta miqdorda qarzdor bo‘lib qolgan. Bu haqda 19-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan to‘qimachilik sanoati vakillari bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda so‘z bordi.

Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev klasterlarning fermerlar oldidagi qarzdorlikning yopilish holatlariga oid masalani ko‘tardi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabovning “haligacha qarzdorlik mavjudmi” degan aniqlashtiruvchi savoliga mutasaddi tasdiqlovchi javob berdi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda ishtirok etgan Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov ham qarzdorlik mavjudligini tasdiqlab o‘tdi.

“Mayli, [to‘qimachilik klasterlarining] davlat va kreditorlar oldida qarzi bor, lekin fermerlar oldida ham qarzi mavjud. Ularning qarzi juda katta. Buning oqibatida fermerlar soliq, oylik va kredit to‘lovlarida qiyinchiliklarga duch kelmoqda”, — dedi Soliq qo‘mitasi raisi.

2023-yilning avgust oyida prezident tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda to‘qimachilik klasterlari jahon va ichki bozorda paxta narxi o‘rtasidagi katta tafovut tufayli 6 trln so‘m zarar ko‘rganini qayd etgandi. Mahalliy klasterlar paxtani jahon narxidan ikki barobar qimmatga sotib olardi.

Avvalroq Spot eskrou-hisoblarni joriy etish uy-joy narxining oshishiga olib kelishi mumkinligi haqida yozgandi.