Yevropa Ittifoqi kengashi Rossiyaga qarshi o‘n sakkizinchi sanksiyalar paketini tasdiqladi. Bu haqda Kommersant xabar bermoqda.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas yangi cheklovlarning asosiy maqsadi sifatida Rossiya energetika va moliya sohalari, shuningdek, mudofaa sanoatiga yetkazilgan zararni ko‘rsatdi. Asosiy yangiliklar orasida neft narxining yuqori chegarasi qat’iylashtirilgani qayd etilgan.
Sug‘urta olish uchun dengiz orqali yetkazib beriladigan Rossiya neftining chegaraviy narxi bir barrel uchun hozirgi $60 o‘rniga $47,6ni tashkil etadi. Chegara darajasi o‘rtacha bozor narxidan 15%ga past ushlab turiladi va har yarim yilda qayta ko‘rib chiqiladi.
Rossiya neftidan ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarini AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Norvegiya va Shveytsariyadan tashqari uchinchi mamlakatlarga import qilish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, Rossiyadan uglevodorodlarni yashirincha yetkazib berish uchun ishlatilishi taxmin qilinayotgan sanksiya ostidagi tankerlar ro‘yxati 105 ta kemaga kengaytirildi.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi Rosneftning 49,13% ulushiga ega bo‘lgan Hindistonning Nayara Energy Limited kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Bu kompaniyaga Hindistondagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri — Vadinar tegishli bo‘lib, uning quvvati yiliga 20 mln tonnani tashkil etadi.
Shuningdek, yangi sanksiyalar paketiga Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi va Rossiyaning 22 ta banki — T-Bank (sobiq Tinkoff), Ozon Bank, Yandeks Bank, Sentrokredit, DOM.RF va boshqalar bilan operatsiyalarni taqiqlash kiritilgan.
Rossiya hukumati huzuridagi Moliya universiteti eksperti Igor Yushkovning ta’kidlashicha, narx chegarasining neft eksportiga ta’siri sezilarli bo‘lmaydi. U “Rossiya izi” bo‘lgan neft mahsulotlarini boshqa mahsulotlardan ajratish imkoniyatiga shubha bilan qaradi.
Shu bilan birga, Vegas Lex maxsus loyihalar amaliyoti yuristi Anna Abalakova banklarga qarshi yangi sanksiyalarni keng qamrovli “moliyaviy blokada” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular investitsiyalarni jalb qilish va aktivlarni boshqarish imkoniyatini blokirovka qilishga qaratilgan.
Ikkilamchi sanksiyalar xavfi tufayli uchinchi davlatlar banklari bilan korrespondentlik aloqalarini uzish xavfi ortadi, dedi Abalakova. Bundan tashqari, ular Rossiyaning boshqa kredit muassasalariga nisbatan komplayensning kuchayishiga olib kelishi mumkin.
Avvalroq Spot Markaziy bank O‘zbekiston kompaniyalariga sanksiyalar kiritilishining o‘rta muddatli xavfini pasaytirgani haqida yozgandi.
Regulyator tashqi hamkorlarni diversifikatsiya qilishni va AQSh va Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga rioya qilishni yaxshilashni taklif qilmoqda.