Apple navbatdagi iPad Pro‘ga (M5'da) ikkinchi frontal kamerani qo‘shishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Bloomberg sharhlovchisi Mark Gurman.
U ekranning yuqori qismiga joylashtiriladi, shu bois selfi-kamera ham albom, ham kitob holatida foydalanish uchun qulay bo‘ladi.
“Apple, ehtimol, bo‘lajak iPad Pro M5'ga portret yo‘nalishida joylashgan ikkinchi frontal kamerani qo‘shadi, shunda FaceTime foydalanuvchilari va selfi ishqibozlari qurilmadan istalgan yo‘nalishda birdek foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Bu unchalik inqilobiy emas, lekin yoqimli yaxshilanishdir”, — deydi Gurman.
Apple’ning yangi iPad Pro‘ni 2025-yil oxirida taqdim etishi kutilmoqda. Qurilmaning texnik qismini yangilash va Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, ikkinchi old kamerani qo‘shishdan tashqari, boshqa sezilarli o‘zgarishlar rejalashtirilmayapti.
O‘tgan yil dekabrida Apple ulkan yig‘ma iPadni ishlab chiqayotgani haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, qurilmaning diagonali 20 dyuym atrofida bo‘lib, yaxlit shisha bo‘lagiga o‘xshaydi.
Joriy yil iyul boshida Apple buklanadigan planshetni ishlab chiqishni vaqtincha to‘xtatgani haqida ma’lum qilindi.
Holat ishlab chiqarishdagi murakkabliklar, tarkibiy qismlarning yuqori narxi va qurilmaga bo‘lgan noaniq talab bilan izohlanmoqda.