O‘zbekiston Shveysariya bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.
21-iyul kuni Jenevada tomonlar O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayoni doirasida Shveysariya bilan bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi protokolni imzoladilar.
Prezident vakili tashkilotga to‘laqonli qo‘shilish uchun “bir nechta davlat” qolganini ta’kidladi, biroq ularning soniga aniqlik kiritmagan.
“O‘zbekiston va Shveysariya jamoalariga mashaqqatli hamda konstruktiv mehnati uchun minnatdorchilik bildiraman. Uzun ro‘yxat tugadi, endi teskari sanoq boshlandi!” — deb yozdi Urunov LinkedIn’da.
Shveysariya O‘zbekiston bilan bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risidagi protokolni imzolagan 25-davlat bo‘ldi.
Joriy yilning may oyida ikki tomonlama kelishuvlar doirasida 33 ta mamlakat bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, ulardan 24 tasi bilan muzokaralar yakunlangani ma’lum bo‘ldi. Prezident yil yakunigacha qolgan 9 ta davlat bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlashni topshirdi.
Bundan tashqari, mayda O‘zbekiston Buyuk Britaniya bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Natijada, mamlakat bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar yakunlangan 24-davlat bo‘ldi.
Avvalroq O‘zbekistonda ayrim tovarlar uchun ikki baravar import bojini qo‘llash bekor qilinishi xabar berilgandi. Senat O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi doirasida bu bo‘yicha tegishli qonunni ma’qulladi.