O‘zbekistonda anomal issiq fonida kunlik elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha rekord yangilandi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
16-iyuldan 21-iyulgacha bo‘lgan anomal issiq davrda O‘zbekiston energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli va yuklamasi bo‘yicha yangi tarixiy rekordlar qayd etildi.
Xususan, birinchi marta elektr energiyasi iste’molida yozgi ko‘rsatkichlar qishki maksimal ko‘rsatkichlardan oshdi.
18-iyul kunlik iste’mol miqdori 272,6 mln kVt•soat, bu qishki maksimumdan (271,8 mln kVt•soat) va avvalgi yozgi rekorddan (253,3 mln kVt•soat) oshib ketdi.
21-iyul 17:00 da energetika tizimining maksimal quvvati 13,3 GVtga yetdi, bu qishki rekorddan (12,5 GVt) va 2024 yil iyul oyidagi ko‘rsatkichlardan (11,8 GVt) yuqori.
Eng katta o‘sish Toshkent shahrida qayd etildi. Xususan, kunlik iste’mol — 32,4 mln kVt soat (2024-yilda kuzatilgan maksimal iste’mol — 30,5 mln kVt soat)ga yetib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 33%ga ko‘p. Eng yuqori yuklama soat 14:52 da — 1811 MVt (2024 yilda — 1680 MVt)ni tashkil qildi;
Joriy iste’mol darajasi 2024-yil iyul oyining shu davriga nisbatan 7,6%ga yuqori bo‘lib, oy boshidan buyon o‘sish 11%ni tashkil etdi.
Energetika vazirligining qayd etishicha, Hududiy elektr tarmoqlari tomonidan iste’mol eng yuqori bo‘lgan davrda yuzaga keladigan nosozliklarni bartaraf etish uchun tunu kun ishlaydigan maxsus avariya brigadalari tashkil etilgan.
Vazirlik iste’molchilardan elektr energiyasini iloji boricha tejamkorlik bilan sarflashni va elektr uskunalaridan zaruratsiz foydalanmaslikni so‘radi.
Avvalroq Spot biznes elektr uzilishlari uchun kompensatsiya hamda HET’ni jarimaga tortishni taklif qilgani haqida yozgandi.
Bitta muassasada kuniga 8−10 martagacha ogohlantirishsiz favqulodda o‘chirishlar biznes yo‘qotishlariga va uskunalarning ishdan chiqishiga olib keladi.