Shavkat Mirziyoyev 21-iyul kuni neft-gaz sohasida xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan ishlar hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi bilan Ustyurt mintaqasidagi konlarda neft qidirish va qazib olish bo‘yicha kelishuvga erishilgani qayd etildi. Kompaniya bilan istiqbolli maydonlarda birgalikda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, boshqa xorijiy davlatlar bilan murakkab konlarni o‘zlashtirish, sohani raqamlashtirish, talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlik qilinmoqda.

Prezident istiqbolli maydonlar bo‘yicha aniq loyihalarni shakllantirish, geologiya-qidiruv ishlaridan tayyor mahsulot olishgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Shu bilan birga, amaldagi xorijiy va qo‘shma korxonalarda yangi burg‘ulash usullarini qo‘llash, quduqlarning samaradorligini oshirish orqali neft va gaz hajmini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.

gaz, neft, prezident, qazib olish

Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Mutasaddilar buning uchun yetarli energiya ishlab chiqarish, gaz omborlarida jamg‘arish va muvozanatli yetkazib berish choralari ko‘rilayotgani to‘g‘risida axborot berdi.

Xususan, Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida 1065 megavattli ikkita bug‘-gaz qurilmasi, Sirdaryoda 1573 megavattli issiqlik elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Ularning jami quvvati yiliga 20 mlrd kilovatt-soat bo‘ladi.

Shuningdek, bu yil Toshkent, Namangan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida jami 162 megavattli yangi gidro elektr stansiyalar ishga tushiriladi. Ularda yiliga 648 mln kilovatt-soat elektr ishlab chiqariladi.

Ayni paytda tegishli tarmoq va podstansiyalarni ta’mirlash ishlari ham boshlangan. Issiqlik stansiyalari barqaror ishlashi uchun zarur yoqilg‘i, butlovchi va ehtiyot qismlar zaxiralari shakllantirilmoqda.

Yig‘ilishda soha infratuzilmasini izchil modernizatsiya qilib, energiya yetkazib berish uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.