Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Bank tizimini isloh qilish va banklarni transformatsiya qilish borasidagi ishlar” yuzasidan Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga parlament so‘rovi yubordi.

2020−2025-yillarga mo‘ljallangan bank tizimini isloh qilish strategiyasi qabul qilingan bo‘lsa-da, tahlillar davlat ulushi yuqori darajada saqlanib qolayotganini va xususiy banklar ulushi strategik ko‘rsatkichlardan pastligicha qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Parlament so‘rovi muhokamasida deputatlar banklarni transformatsiya qilishdagi bunday holatlar tadbirkorlik subyektlari va aholining zamonaviy bank xizmatlariga bo‘lgan talablarini qondirishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladilar.

Bugungi kunda yangi tashkil etilgan kredit tashkilotlarining asosiy qismi Toshkent shahri va viloyat markazlarida joylashganligi sababli, qishloq hududlarida ularning xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan.

Bu esa bank va moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish hamda bunday xizmatlarning barcha aholi punktlarida ko‘rsatilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishini talab etmoqda.

Shuningdek, aholidan kelib tushayotgan murojaatlar bank kartalari orqali firibgarliklarning oldini olishga qaratilgan choralar, xususan bank tizimida zamonaviy himoya tizimlarini joriy etish hamda axborot xavfsizligini lozim darajada ta’minlash borasida ham tezkor chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, aholidan tushayotgan murojaatlar bank kartalari orqali firibgarliklarning oldini olish, himoya tizimlarini kuchaytirish va axborot xavfsizligini ta’minlash zarurligini ko‘rsatmoqda.

Shu asosda bank xizmatlarining ommabopligini oshirish va sektorni chuqur transformatsiya qilish bo‘yicha Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga ushbu masala yuzasidan parlament so‘rovi yuborilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.


Avvalroq Spot Markaziy bank yirik korxonalar uchun qarz jalb qilishni nazoratga olishi haqida yozgandi.

Regulyator yirik korxonalar tomonidan qarzlarni jalb qilish tartibi va yirik qarz oluvchilar guruhini tasniflovchi qonun loyihasini ishlab chiqadi.