Rossiya Mehnat vazirligi qonun loyihalariga o‘zgartirish kiritdi. Bu haqda TACC Rossiya mehnat va ijtimoiy himoya vaziri o‘rinbosari, davlat kotibi Andrey Pudovga tayanib xabar berdi.
Unga ko‘ra, haydovchi, sotuvchi va tibbiyot xodimi lavozimlariga jalb qilinayotgan muhojirlar rus tili va Rossiya tarixi bo‘yicha test topshirishdan ozod etilmaydi.
Yaqinda Davlat dumasi deputatlari umumiy majlisda hukumat kvotasi doirasida Rossiyada ishlaydigan muhojirlarni rus tili va Rossiya tarixini bilish bo‘yicha sinovdan o‘tkazish majburiyatidan ozod etuvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qilishdi.
Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin Ichki ishlar vazirligiga mehnat va ijtimoiy himoya vazirligining faoliyatiga e’tibor qaratishni tavsiya etdi, chunki hukumat kvotasi doirasida Rossiyaga taklif qilinadigan kasblar ro‘yxati mavjud.
“Nima uchun til bilmaydigan shaxslarni ro‘yxatga kiritishni taklif qilyapsizlar? Haydovchi, sotuvchi kabi toifalar muloqot qilishi, til bilishi, qonunlarni bilishi shart-ku”, — dedi Volodin.
Pudovning ma’lum qilishicha, Mehnat vazirligi ikkita buyrug‘ini tayyorlagan. Birinchi buyruq tibbiyot xodimlarini kvotadan tashqari ishlash uchun ruxsatnoma bilan kelishi mumkin bo‘lgan malakali xorijiy mutaxassislar ro‘yxatidan chiqaradi.
Bundan tashqari, Mehnat vazirligining buyrug‘iga o‘zgartirishlar kiritilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra Rossiya subyektlari kvota o‘rinlariga qanday ariza topshirishi belgilanadi.
Endilikda, kvotalar tarkibiga Rossiya fuqarolari bilan ijtimoiy aloqa va muloqotni talab etadigan kasblar bo‘yicha ishlovchilar uchun ish beruvchining arizalarini kiritish mumkin bo‘lmaydi.
Pudovning aniqlik kiritishicha, bunga misol tariqasida avtomobil haydovchisi, nooziq-ovqat mahsulotlari sotuvchisi va tibbiyot xodimlarini keltirish mumkin.
Avvalroq Spot Rossiyada migrantlarning xorijga pul o‘tkazmalari miqdori cheklanishi mumkinligi haqida yozgandi.
Davlat dumasida migrantlarning tasdiqlangan ish haqidan ortiq pul o‘tkazmalarni amalga oshirishlarini taqiqlash taklif qilinmoqda.