WhatsApp’da yangi foydali tugma paydo bo‘ldi. Bu haqda hi-tech mail nashri xabar berdi.

Messenjerning Android uchun mo‘ljallangan beta-versiyasida yozishmalarning qisqacha mazmunini yaratishga mo‘ljallangan Quick Recap (“Tezkor hikoya”) nomli yangi funksiya paydo bo‘ldi.

Ushbu funksiya foydalanuvchilarga uzun dialoglarni aylantirmasdan, o‘tkazib yuborilgan xabarlarning mohiyati bilan tezda tanishish imkonini beradi.

Chatlar sahifasida joylashgan yangi tugma beshta muloqotni tanlash va ular haqida qisqacha ma’lumot olish imkonini beradi.

Sun’iy intellekt (SI) o‘qilmagan xabarlarni tahlil qiladi va ularni qisqacha xulosa shaklida taqdim etadi, bu esa foydalanuvchilarning vaqtini sezilarli darajada tejaydi.

Ta’kidlanishicha, bu funksiya to‘liq ixtiyoriy bo‘lib, standart holatda o‘chirilgan bo‘ladi. Uni faollashtirish uchun foydalanuvchi ilova sozlamalarida bu funksiyani qo‘lda yoqishi kerak bo‘ladi.

Ishlab chiquvchilar maxfiylik masalasiga alohida e’tibor qaratishdi. Ma’lumotlarni qayta ishlash jarayoni Private Processing texnologiyasi yordamida amalga oshiriladi.

Bu texnologiya shaxsiy xabarlar mazmuni yoki yaratilgan xulosalarga na WhatsApp, na uning bosh kompaniyasi Meta kira olmasligini kafolatlaydi. Barcha ma’lumotlar izolyatsiyalangan muhitda shifrlangan holda qayta ishlanadi.


Avvalroq Spot WhatsApp’da kanallarga pulli obuna bo‘lish funksiyasi qo‘shilishi haqida yozgandi. Shuningdek, messenjerda reklama e’lonlari paydo bo‘lishi haqida ma’lum qilindi.