2025-yilgi mavsumda O‘zbekistonda yangi hosil sabzining ulgurji narxlari o‘tgan yilgi darajadan 1,5−3 baravar yuqori bo‘lib turibdi.

EastFruit tahlilchilarining fikricha, bu holat ushbu ekin ekiladigan maydonlarning qisqarishi bilan bog‘liq hisoblanadi.

Narx monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil yangi hosil sabzining dastlabki yirik partiyalari poytaxt ulgurji bozorlarida may oyining boshida paydo bo‘ldi.

Ularning o‘rtacha ulgurji narxi bir kilogrammi uchun 11 ming so‘m ($0,85) bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan ancha erta va yuqoriroq narxlarda sotilmoqda.

Taqqoslash uchun, o‘tgan yili yangi hosil sabzining birinchi ulgurji partiyalari may oyining o‘rtalarida paydo bo‘lgan va o‘rtacha ulgurji narxi kilogrammi uchun 6500 so‘m ($0,51) edi.

May oyining boshidan iyul oyining o‘rtalarigacha narxlarning izchil pasayishiga qaramay, joriy mavsumda sabzining ulgurji narxlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5−2 barobar yuqori bo‘lib qolmoqda. Buning ustiga, hozirgi ulgurji narxlar o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan 3 barobar yuqori darajada saqlanmoqda.

Sabzi hosildorligi odatda yildan-yilga sezilarli darajada o‘zgarmaydi va katta ehtimol bilan joriy mavsumda hosildorlik o‘tgan yilgi darajaga yaqin bo‘ladi.

EastFruit tahlilchilarining baholashicha, joriy yilning may-iyun oylarida bu mahsulotni tashqi bozorlarga yetkazib berish hajmi ortmagan, aksincha, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamaygan. Boshqacha aytganda, tashqi bozorlar ta’siri omilini ham istisno etish mumkin.

Ekin maydonlarining qisqarishi eng ehtimoliy sabab hisoblanadi. EastFruit ekspertlarining fikricha, aynan ushbu ekin uchun ekin maydonlarining qisqarishi natijasida ishlab chiqarish hajmining pasayishi joriy mavsumda yangi hosil sabzi narxining nisbatan yuqori bo‘lishiga asosiy omil bo‘lmoqda.


Avvalroq EastFruit iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonda pomidor yetishtirish geografiyasi va texnologiyalarini o‘zgartirayotgani haqida yozgandi.

Bunga javoban, o‘zbekistonlik pomidor yetishtiruvchilar yozda yangi bozorlar uchun yopiq tuproq va tog‘oldi texnologiyalarini tanlab moslashmoqda.