Xitoyning TSC-Hk-Investment kompaniyasi Chilonzor tumanida $340 mlnlik turar joy majmuasi va biznes markazi qurishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi tuman hokimligi matbuot xizmati.
22-iyul kuni Chilonzor hokimligida poytaxt tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha uch yillik dasturni ishlab chiqishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Dasturni ishlab chiqishda xalqaro standartlarga muvofiq ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tuman hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayev Turkiyaning Policy Analytics Lab va Helezon kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar olib bordi. Xorijiy delegatsiya a’zolari tumanni rivojlantirish dasturi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.
Taqdimotda xorijiy TSC-Hk-Investment kompaniyasining $340 mln qiymatidagi turar-joy majmuasi va biznes markazini qurish loyihasi ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu loyiha Bunyodkor ko‘chasida joylashadi, inshootlarning umumiy maydoni 357 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Loyihani amalga oshirish natijasida 1000 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Qosimov Yunusobod tumanida ko‘p qavatli turar-joy binolari va Megapolis bizness va TSC-Hk-Investment qo‘shma korxonalari savdo markazlarini qurish loyihalarining amalga oshirilishini ko‘rib chiqdilar.
“Mutasaddi idoralar vakillari joyida loyiha tashabbuskorlarining amaliy yordam so‘rab qilgan murojaatlarini hal etishga kirishdi. Xususan, TSC-Hk-Investment rahbarining Yunusobod oqtepa madaniy yodgorligiga tutash hududda loyihani ekspertizadan o‘tkazish to‘g‘risidagi murojaati Madaniy meros agentligi mas’ullari ko‘rib chiqishi uchun rasmiylashtirildi”, — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Shavkat Mirziyoyev mart oyida Yunusobod tumanida barpo etilgan High Town City majmuasiga tashrif buyurgan edi. Ko‘p tarmoqli obyekt savdo va ko‘ngilochar markaz, biznes markazi, mehmonxona va zamonaviy turar joy majmualarini o‘z ichiga oladi. Uni amalga oshirish uchun $510 mlnlik xorijiy investitsiyalar yo‘naltirildi.
Bu yerda Yunusobod oqtepa yodgorligi yaqinida joylashgan Yunusobod Business City investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. TSC-Hk-Investment qurilish kompaniyasining ofisi ham shu yerda joylashgan.
Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, TSC-Hk-Investment 2019-yil iyun oyida ro‘yxatga olingan. Ustav kapitali 278,4 mlrd so‘m bo‘lgan kompaniya turar-joy binolari qurilishi bilan shug‘ullanadi. Majoritar ta’sischisi WDF International Limited (90%), minoritar ta’sischisi — St. Wonderful International Group Limited (10%). Korxona rahbari sifatida Shu Chun Sian ko‘rsatilgan.
Avvalroq Spot Xitoy kompaniyasi Toshkentda 200 km yo‘l va to‘rtta yo‘l o‘tkazgich qurishi haqida yozgandi.
O‘tgan yilning noyabr oyida poytaxt hokimligi China State Construction Engineering Corporation kompaniyasidan $300 mln jalb qildi.