Shavkat Mirziyoyev Jizzaxga amaliy tashrif doirasida viloyatning qo‘shimcha imkoniyatlari bilan tanishdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Joriy yilning o‘tgan olti oyda Jizzax viloyatida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida 200 ta loyiha amalga oshirildi. Jalb etilgan investitsiyalarning umumiy hajmi $662 mlnni tashkil etdi. Amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida Zomin tumanida maxsus islohotlar shtabi tashkil etildi.

Tashrif davomida prezident viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Xususan, yagona darcha tamoyillari asosida barcha qishloq xo‘jaligi xizmatlarini bir joyda mujassamlashtirgan Agromarkaz tashkil etildi.

Jizzax viloyati kartoshkachilikni rivojlantirishda tayanch hudud sifatida qaralmoqda. Bugungi kunda Zomin tajriba-ilmiy stansiyasida mahalliy va xorijiy seleksiyaga mansub 12 ta kartoshka navining birlamchi urug‘chiligi yo‘lga qo‘yilgan.

Odatda urug‘lik kartoshka yetishtirish 6−7-yilni va 8 ta bosqichni talab qilsa, yangi taklifga ko‘ra, jarayon 4 bosqichga kamaytirilib, 2-yilda tayyorlanadi. Bunda kartoshkaning yangi seleksiya navlaridan 12 tonna yuqori avlod super elita urug‘lik aholi xonadonlariga bepul tarqatiladi. Natijada 120 tonna elita kartoshka urug‘ligi yetishtiriladi.

Shuningdek, dukkakli ekinlar ekish, Zarbdor tumanidagi kanalda nasos stansiyalari va magistral quvurlar qurish rejalari belgilangan.

Jizzaxning turfa tabiati, tog‘li va cho‘l hududlari yilning to‘rt faslida ham sayohat qilish imkonini beradi. Zomin turistik-rekreatsion zonasi, Zomin aeroporti va yangi yo‘llar bu imkoniyatlarni kengaytirdi. Yirik 6 ta kanal bo‘yida sayilgohlar tashkil qilindi. Endi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi qirg‘oq bo‘yida ham zamonaviy turizm markazi barpo etiladi.

“Tumanlarga sanoatni olib kirib, odamlarni ishli qilishga harakat qilyapmiz. Ilgari dasht bo‘lgan joylarda zamonaviy korxonalar paydo bo‘lyapti. Odamlarimiz hunaridan, tomorqasidan ham daromad topayapti. Lekin bu bugungi natija. Yangi avlod yetishib kelyapti, yoshlarimizning bilimi, talabi oshib boryapti. Ularning ishlashi, yaxshi yashashi uchun hozirdan zamin yaratishimiz kerak. Agar imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanilsa, Zomin tumani ishsizlikdan xoli hudud bo‘la oladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘kdala tumanining yangi markazida san’at saroyi, san’at maktabi, umumta’lim maktabi va sport majmuasi yonma-yon barpo etilmoqda. Davlat rahbari bu bolalarga qulay bo‘lishini ta’kidlab, kelgusi loyihalarda shuni qo‘llash zarurligini aytgan edi.

Endi shu tajriba asosida Zomin tumanida ham madaniyat saroyi va san’at maktabi qurilishi rejalashtirilgan. Madaniyat saroyi 300 o‘rinli bo‘lib, tuman markazidagi 45 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda Zomin sayqali folklor-etnografik jamoasi, 13 ta to‘garak faoliyat yuritadi.

Mutasaddilarga ushbu rejalar ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivoji bo‘yicha topshiriqlar berildi.