2025-yilning aprel-iyun oylarida O‘zbekistondan yangi o‘rik eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18%ga oshdi.
EastFruit ekspertlarining fikricha, joriy mavsumda O‘zbekiston jahon bozorida yangi o‘rik eksport qiluvchi ikkinchi yirik davlatga aylanishi mumkin.
Bu yil aprel oyining oxirida yangi o‘rikning birinchi yirik partiyalarini tashqi bozorlarga jo‘natish boshlandi. Xalqaro savdo statistikasi va Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2025-yilning aprel-iyun oylarida 54,1 ming tonna yangi uzilgan o‘rik eksport qilgan. Taqqoslash uchun: o‘tgan yilning mos davrida ushbu mahsulot eksporti hajmi 46 ming tonnani tashkil etgan.
2018-yildan boshlab O‘zbekiston barqaror ravishda jahon yangi o‘rik bozorida yetakchi uchlikdan joy oldi. 2021 va 2022-yillarda ob-havo anomaliyalari O‘zbekistonda o‘rik hosiliga katta zarar yetkazdi.
Ammo keyingi yillarda mamlakat jahon bozorida o‘z mavqeini tiklab oldi. 2023−2024 yillarda O‘zbekiston dunyodagi eng yirik yangi o‘rik eksport qiluvchi davlatlar reytingida mos ravishda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan Ispaniya va Turkiyadan keyin 3-o‘rinni egalladi.
Biroq, joriy mavsumda Turkiyada (boshqa danakli meva turlari singari) o‘rik hosilining vayronkor bahorgi sovuqlar oqibatida kam bo‘lishi sababli, Turkiyadan yangi o‘rik eksporti hajmi oldingi ikki yildagi ko‘rsatkichlardan ancha past bo‘lishi kutilmoqda.
Ushbu vaziyatni va 2025-yilning aprel-iyun oylarida O‘zbekistonning yangi o‘rik eksporti hajmini hisobga olgan holda, O‘zbekiston joriy mavsum yakuniga ko‘ra ushbu mahsulotning dunyodagi ikkinchi yirik eksportchisiga aylanishi mumkinligini EastFruit tahlilchilari ta’kidlamoqda.
Avvalroq EastFruit O‘zbekistonda sabzi narxi uch baravar qimmatlashgani haqida xabar bergandi.
Sabzining o‘rtacha ulgurji narxi bir kilogrammi uchun 11 ming so‘m bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan ancha yuqoriroq narxlarda sotilmoqda.