Naqd pullarning pul muomalasidagi ulushi asta-sekin kamayishda davom etmoqda, deyiladi Markaziy bankning naqd pul muomalasi mavzusidagi qisqacha sharhida.
2025-yilning birinchi yarmi yakuniga ko‘ra, pul massasining umumiy hajmi 312 trln so‘mga yetib, 2024-yil iyul oyiga nisbatan 32,2%ga o‘sdi. Naqd pullar 59 trln so‘mni yoki 18%ga ko‘proqni tashkil etdi.
Muomaladagi naqd pul ulushi 18,9%ni tashkil etib, bir yil ichida 2,2 foiz bandiga pasaydi. 2024-yil iyul oyida bu ko‘rsatkich 21,1% bo‘lgan bo‘lsa, yil yakuniga kelib 19,2%gacha tushdi.
Yarim yillikda bank kassalariga kelib tushgan pul mablag‘larining umumiy hajmi 491 trln so‘mni tashkil etdi yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27%ga o‘sdi. Naqd to‘lovlar ulushi 59%dan 57 foizga kamaydi, terminallar orqali esa 43%ga ko‘tarildi.
Tushumlar tarkibida bank xizmatlarining ulushi oshib, yarim yillikda 37%ni (+3%) tashkil etdi. Shuningdek, pullik xizmatlardan tushumlar ulushi ham oshdi (13%), tovarlarni sotishdan tushumlar esa nisbatan kamaydi (33%).
Yanvar-iyun oylarida naqd pullarning bank aylanmasi 563 trln so‘mni (yil davomida +23%) tashkil etdi, shundan 277 trln so‘mi naqd pul tushumlari va 286 trln so‘mi naqd pullarni berish hisobiga to‘g‘ri keldi. Defitsitni qoplash uchun Markaziy bank qo‘shimcha 5,2 trln so‘mni muomalaga chiqardi.
Kassalardan eng ko‘p mablag‘ bankomatlardan naqd pul yechib olishga sarflandi (45%), undan keyin chet el valyutasini sotib olish (22%) turadi. Bunda, ikkala ko‘rsatkich ham o‘tgan yilga nisbatan biroz pasaygan.
Bank kartalariga tushumlar 1,4 barobarga ko‘payib, 676 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan 19%i (129 trln so‘m) naqd pulga aylantirildi — bu 2024-yilning birinchi yarmiga nisbatan 4% kamdir.
Avvalroq Spot yarim yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 27%ga oshib, $8,2 mlrdga yetgani haqida yozgandi.
Transchegaraviy o‘tkazmalarning 78%i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, AQSh, Buyuk Britaniya hamda Yevropa mamlakatlaridan jo‘natmalar hajmi oshgan.