O‘zbekiston va SOCAR o‘rtasida Ustyurt platosida mahsulot taqsimoti to‘g‘risida bitim imzolandi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.
24-iyul kuni Energetika vazirligi, Ozarbayjonning SOCAR davlat kompaniyasi va O‘zbekneftgaz o‘rtasida Ustyurt neftgazli hududining investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olishni nazarda tutuvchi mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim (MTB) imzolandi. Hujjat uglevodorodlarni qidirish va o‘zlashtirish sohasidagi hamkorlikka zamin yaratadi.
“Bitim shartlariga muvofiq, 1000 kvadrat kilometrdan kam bo‘lmagan maydonda 3D seysmorazvedka ishlarini olib borish va natijalarga ko‘ra bitta quduqda geologiya-qidiruv ishlarini boshlash rejalashtirilgan. Sanoat ahamiyatiga ega uglevodorod konlari topilgan taqdirda, tomonlar ularni o‘zlashtirish va keyinchalik qazib olish bosqichiga kirishadilar”, — deyiladi Energetika vazirligi xabarida.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Ustyurt mintaqasi yuqori salohiyatga ega ekanligini va SOCAR bilan MTB imzolanishi uni samarali o‘zlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochishini ta’kidladi.
Kuni kecha vazir joriy hafta oxirigacha Ustyurt platosida mahsulot taqsimoti bo‘yicha SOCAR bilan kelishuv imzolanishini e’lon qildi.
2024-yil avgust oyida O‘zbekneftgaz va SOCAR neft-gaz sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Ozarbayjon davlat kompaniyasi Ustyurt platosida geologiya-qidiruv ishlarini boshladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda jazirama tufayli kunlik elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha rekord yangilangani haqida yozgandi.