Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonda soliq tushumlari 20% ga oshdi, deya xabar berdi Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.

2025-yilning yanvar-iyun oylarida mamlakat bo‘yicha jami soliq tushumlari 102,6 trln so‘mni tashkil etib, 2024-yilning shu davriga nisbatan 16,8 trln so‘mga oshgan.

Yig‘iluvchanlikning eng katta o‘sishi soliq inspeksiyalari (+26,8%) va hududiy soliq organlari (+25,4%) tomonidan ta’minlandi. Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi budjetga yig‘imlarni 15%ga — 56,4 trln so‘mgacha oshirdi.

Hududlar orasida soliq yig‘imlarining o‘sishi bo‘yicha Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda (+31%), u 17,6 trln so‘mlik tushumlarni ta’minlagan. Kuchli beshlikka Sirdaryo (+28%), Namangan (+26%), Toshkent (+26%) va Andijon (+25%) viloyatlari ham kirdi.

Eng yomon ko‘rsatkichlar Jizzax viloyati (+16,5%), Qoraqalpog‘iston (+16,9%) va Xorazm viloyatida (+18,8%) qayd etilgan. Umuman olganda, ushbu uchta hududga 5 trln so‘mdan kam soliq tushumlari to‘g‘ri keladi.

Yarim yil ichida eng ko‘p tushumni foyda solig‘i ta’minladi — 22,5 trln so‘m (+17,5%). Keyingi o‘rinlarda qo‘shilgan qiymat solig‘i (21,4 trln so‘m, +20,3%) va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (19,9 trln so‘m, +17,5%) turadi.

Budjetga yig‘imlarning eng yuqori o‘sishini yer qa’ridan foydalanish solig‘i ko‘rsatdi — 23,4%ga oshib, 10,3 trln so‘mga yetdi.

Boshqa soliqlarning undirilishi:

  • aksiz solig‘i — 9,3 trln so‘m (+15,6%);
  • yer solig‘i — 4,8 trln so‘m (+18,4%);
  • ko‘chmas mulk solig‘i — 4,1 trln so‘m (+16,4%);
  • aylanmadan olinadigan soliq — 1,6 trln so‘m (+14,8%);
  • suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq — 0,5 trln so‘m (+7,2%).

Avvalroq Spot O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilganlar 5,5 mln nafardan oshgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, fuqarolar eng ko‘p maishiy xizmatlar, qishloq xo‘jaligi xizmatlari hamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘zini o‘zi band qilgan.