WhatsApp messenjerida “Menga eslatish” nomli yangi funksiya paydo bo‘ldi.
U orqali foydalanuvchilar belgilangan vaqtdan so‘ng muhim xabarlarga qayta murojaat qilishlari mumkin. Ushbu funksiyani WaBetaInfo mutaxassislari WhatsApp’ning Android uchun beta-versiyasida aniqlashdi.
Misol uchun, xodimga rahbari WhatsApp orqali juma kunigacha ko‘rib chiqishi kerak bo‘lgan muhim hujjatni yubordi. Uni unutib qo‘ymaslik uchun WhatsApp suhbatidagi xabarni bosib, eslatma funksiyasini faollashtirish mumkin.
Foydalanuvchi qayta xabarnoma taymerini belgilashi mumkin: 2, 8 yoki 24 soatdan so‘ng. Yoki eslatma kelishi kerak bo‘lgan sana va vaqtni o‘zingiz qo‘lda kiritish mumkin.
Ko‘rsatilgan vaqtda smartfonga yana bir bor belgilangan xabar bilan bildirishnoma keladi. Bildirishnomada matn, yuboruvchining ismi va biriktirilgan rasm/video yoki hujjatlarning ko‘rinishi aks ettiriladi.
Avvalroq Spot WhatsApp’da yangi foydali tugma paydo bo‘lishi haqida yozgandi.
U orqali beshta muloqotni tanlash va ular haqida qisqacha ma’lumot olish mumkin. Sun’iy intellekt o‘qilmagan xabarlarni tahlil qiladi va ularni qisqacha xulosa shaklida taqdim etadi.