Oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlarini tanlash boshlandi, bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2025/2026 o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida ishtirok etgan abituriyentlar 15 kun davomida quyidagilarni tanlashi lozim:

  • oliy ta’lim muassasasi (test sinovi topshirgan fanlar majmuasiga mos ta’lim yo‘nalishi mavjud OTM);
  • bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (test sinovi topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos yo‘nalish);
  • ta’lim shakli (turli ta’lim shakllarini tanlash mumkin);
  • tanlov ustuvorligi (“Davlat granti” yoki “Ta'lim yo‘nalishi” ustuvorliklaridan biri).

Abituriyentlar test sinovi topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos 5 tagacha oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishini tanlashi mumkin.

Buning uchun my.uzbmb.uz saytiga kirish va undan “Oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul” bo‘limini tanlab, “OTM tanlash"ni bosish kerak.

Tanlov jarayoni 25-iyuldan 8-avgustga qadar (shu kunlari ham) davom etadi.

Abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani to‘g‘risidagi yakuniy tanlov natijalari ta’lim yo‘nalishlarini tanlash to‘liq yakunlangandan so‘ng bir hafta muddatda e’lon qilinadi.

Qabul-2025

2025−2026-o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul 5-iyundan boshlandi. Arizalar 25-iyungacha onlayb qabul qilindi. Joriy yilgi qabulda onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 732 411 nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,2 baravarga yoki 161,8 mingdan ortiqqa kamdir.

Amaldagi tartibga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyilida amalga oshiriladi. Imtihonlar iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tib, test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi.

Agar nomzodlar alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ishtirok etsa, ta’lim tili, test topshirish hududi, ta’lim yo‘nalishi hamda kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygohni tanlashi kerak.

Ikkinchi bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari to‘liq yakunlangach, 15 kun ichida my.uzbmb.uz sayti orqali OTM, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi.

Abituriyent test sinovida to‘plagan ballarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlangandan keyin bir haftada Bilimni baholash agentligining saytida e’lon qilinadi.

Texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng, agar oliygohga qabul qilinmagan bo‘lsa, 10 kun ichida texnikum, kasb va mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlashlari mumkin bo‘ladi. Uning natijasi ham bir haftada agentlik saytida e’lon qilinadi.

Avvalroq maktabdagi so‘nggi 6 yillik o‘rtacha baholar test sinovlari baliga qo‘shilmasligi haqida xabar berilgandi. Prezident farmoni bilan 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab abituriyentlarning shahodatnomasidagi 6 yillik baholar o‘rtachasi test ballariga qo‘shilishi rejalashtirilgan edi.