AI-80 markali avtobenzin narxining o‘sishini cheklash yashirin bozorning o‘sishiga turtki bo‘ldi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, narxlar va tariflarni nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Davlatov Kun.uz'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

2024-yil noyabr oyida Raqobat qo‘mitasi AI-80 benzini narxining sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 5% miqdorida — 9 377 555,25 so‘mgacha ko‘tarilishi bo‘yicha cheklov o‘rnatdi. 10-iyundan boshlab narx chegarasi bekor qilingach, tovar-xomashyo birjasida yoqilg‘i narxi keskin oshishni boshladi.

“Biz spred [AI-80 benzini narxining o‘sishi]ni 5% ga belgilaganimizda, bu yashirin iqtisodiyotning turli ko‘rinishlarining kuchayishiga olib keldi. Yoqilg‘i quyish shoxobchalari xarajatlari ko‘chaga chiqib ketdi — har bir lot uchun $100−200 to‘landi. Bir tonna benzin narxi 9,3 mln so‘m bilan cheklanganda, chakana narx litri uchun 6500−7000 bo‘lishi kerak edi. Biroq, yashirin iqtisodiyot va u bilan bog‘liq xarajatlar tufayli narx 8000−8500 so‘mgacha ko‘tarildi”, — dedi u.

Raqobat qo‘mitasi vakilining ta’kidlashicha, narx chegarasi bekor qilinganidan so‘ng AI-80 benzinining erkin savdosi ta’minlangan, cheklovlar sharoitida yoqilg‘i sotib olish bilan bog‘liq yoqilg‘i quyish shoxobchalari xarajatlari birja narxiga o‘tgan.

Bunga javoban iqtisodchi Otabek Bakirov, AI-80 benzini narxining o‘sishiga qo‘yilgan cheklovning bekor qilinishi faqatgina yoqilg‘i bozoridagi monopolistlarning, ya’ni Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga egalik qiluvchi O‘zbekneftgaz'ning daromadliligini oshirishga olib kelganini ta’kidladi. Ulug‘bek Davlatov ham davlat kompaniyasining daromadliligi haqiqatan ham oshganini e’tirof etdi.

Iyul oyida AI-80 benzini narxi 8,46% ga, yoz boshidan beri esa 14,83% ga o‘sdi. 24-iyul kuni O‘zRTXBda yoqilg‘i narxi bir kunda 0,6% ga ko‘tarilib, bir tonnasi 10,68 mln so‘mga yetdi.

O‘zbekneftgaz sentabr oyidan boshlab AI-80 benzini ishlab chiqarishni to‘xtatishni rejalashtirmoqda. 2026-yildan e’tiboran faqat yuqori oktanli AI-92 va AI-95 avtobenzinlari sotuvga chiqariladi.

Fevral oyida prezident 2025-yil oxirigacha AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash, aholini “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i” bilan ta’minlash uchun “barcha kuch va vositalarni safarbar etish” to‘g‘risida ko‘rsatma bergan edi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va SOCAR o‘rtasida Ustyurt platosida mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolangani haqida yozgandi.

Loyiha doirasida seysmik va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, uglevodorodlar qazib olish rejalashtirilgan.