O‘zbekiston Xitoy bilan “yashil” energetika loyihalari bo‘yicha uchta yangi bitim tuzdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

24-iyul kuni Wind and Solarshine for Electricity Distribution Panels Manufacturing va China Energy International Group kompaniyalari vakillari hujjatlarni imzoladi.

Ular qayta tiklanadigan energiya sanoatini rivojlantirish, shuningdek, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishga taalluqlidir.

Xususan, China Energy kompaniyasi Buxoro viloyatining Peshku tumanida qurilishi mo‘ljallangan shamol elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi. Stansiyaning quvvati 500 MVt bo‘lishi kutilmoqda.

Energetika vazirligi ma’lum qilishicha, mazkur loyiha Markaziy Osiyodagi shamol energiyasi yo‘nalishidagi eng yirik loyihalardan biri sanaladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u “yuz minglab” xonadonlarni ekologik toza energiya bilan ta’minlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yana bir shartnoma Toshkent shahrida 100 MVt quvvatli akkumulyator tizimini qurish loyihasi bo‘yicha maslahat berishni nazarda tutadi. Uchinchi bitim esa muhandislik, pudrat va qurilish ishlarini “tayyor holda topshirish” (EPC) shartlarini belgilaydi.


Avvalroq Spot Xitoy kompaniyasi Chilonzorda $340 mlnlik turar-joy majmuasi va biznes markazi qurishi haqida yozgandi.

Loyiha tumandagi Bunyodkor ko‘chasida joylashadi va inshootlarning umumiy maydoni 357 ming kvadrat metrni tashkil etadi.