Instagram jonli efir qilish uchun talablarni yangilaydi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilari xabar bermoqda.

Kelgusida faqat 1000 va undan ortiq kuzatuvchiga ega ommaviy hisoblar jonli efirlarni ishga tushira oladi.

Agar foydalanuvchi hisobi ushbu talablarga javob bermasa, yaqin orada ushbu funksiyadan foydalanish imkoniyatini yo‘qotishi mumkin.

Avvalroq Instagram’da o‘smirlarning ruxsatsiz jonli efirga chiqishi taqiqlanishi haqida xabar berilgandi.

Bunda ulardan onlayn jonli efirni boshlashdan oldin ota-onasining ruxsatini olishlari talab etiladi.

Bundan tashqari, 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar shaxsiy xabarlardagi ehtimoliy yalang‘och tasvirlarni xiralashtiradigan ilova funksiyasini o‘chirish uchun ota-onalarining ruxsatini olishlari shart bo‘ladi.

2024-yil sentbar oyida Instagram 18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun “o‘smirlar” akkauntlarini qo‘shdi.

17-sentabrdan boshlab esa 18 yoshgacha bo‘lgan barcha yangi foydalanuvchilar akkauntning yangi turi — “o‘smirlik” akkauntiga ega bo‘ladilar.

Noyabr oyida Instagram o‘smirlarning yoshini aniqlashda sun’iy intellektdan foydalanishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, Meta 18 yoshdan kichik foydalanuvchilarni aniqlay oladigan kattalar klassifikatori vositasidan foydalanadi.


Avvalroq Spot Instagram profildagi postlar tartibini o‘zgartirish funksiyasini qo‘shishi haqida yozgandi.

Foydalanuvchilar endi postlarni nashr qilinish vaqtiga emas, balki o‘zlari xohlagan tartibda qo‘lda joylashtirishlari mumkin bo‘ladi.