Uzum Market’da Labubu yumshoq o‘yinchoqlari savdosi hajmi $110 mingdan oshdi, deya xabar berdi Spot’ga marketpleys matbuot xizmati.

“Birinchi o‘yinchoqlar platformada may oyida paydo bo‘ldi va 2 oydan kamroq vaqt ichida O‘zbekiston aholisi $110 mingdan ortiq qiymatdagi Labubu o‘yinchoqlarini sotib oldi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Bugungi kunda Uzum Market’da 700 dan ortiq noyob SKU taqdim etilgan bo‘lib, ular O‘zbekiston bo‘ylab 480 ta aholi punktiga bir kunda yetkazib beriladi. Marketpleysda eng mashhur Labubuning 900 dan ortiq buyurtmasi bor, ulardan 362 tasi shu haftaning o‘zida rasmiylashtirilgan.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, o‘yinchoqlar Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Buxoro va Navoiy kabi yirik shaharlarda eng ko‘p ommalashgan.

Labubu o‘yinchoqlari 2019-yilda paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, 2025-yilga kelib nafaqat Osiyoda, balki Yevropada ham haqiqiy hitga aylandi. O‘tkir tabassum bilan ajralib turadigan bu qiziqarli mavjudotlar nafaqat bolalar, balki katta yoshli kolleksionerlar va moda ishqibozlari orasida ham tez orada ommalashib ketdi. Do‘konlarda navbatlar paydo bo‘ldi, sotuvlar esa rekord darajaga ko‘tarildi.

O‘yinchoqlarini ishlab chiqaruvchi Pop Mart kompaniyasining asoschisi, 38 yoshli Van Ning Forbes reytingiga ko‘ra birinchi marta Xitoyning eng boy odamlari o‘ntaligiga kirdi. U ByteDance asoschisi Chjan Imin va Tencent hammuassisi Ma Xuaten ham kiritilgan ushbu ro‘yxatning eng yosh ishtirokchisi hisoblanadi.


Avvalroq Spot Uzum Market, Olcha hamda Glotr marketpleyslarida kontrafakt mahsulotlar sotilayotgani aniqlangani haqida yozgandi.

Natijada Uzum Market’da 220 ga yaqin mahsulotlar savdosiga chek qo‘yildi, qolganlari bo‘yicha huquq egalariga ma’lumotlar yuborilgan.