Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va kasbiy ta’lim tizimidagi yangi yondashuvlarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Joriy yilda bu sohada xorijiy tajriba asosida yangi yondashuvlar yo‘lga qo‘yildi. Banklar mahallalarga bog‘lanib, aholi bandligini ta’minlashga xam hissa qo‘shmoqda. Xususan, birinchi yarim yillikda 3 mlndan ziyod aholi daromadli mehnatga jalb qilindi.

1-iyul holatiga O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 6,8%gacha pasaydi. Shunday qilib, yarim yil ichida kambag‘allik darajasi 2,1 foiz punktga kamaydi.

Taqdimotda mazkur muammolarni hal etishga qaratilgan yangi reja va tashabbuslar haqida ma’lumot berildi.

Unga muvofiq, mehnat organlari ish beruvchilarga nisbatan jazo qo‘llovchi emas, balki hamkor sifatida faoliyat yurituvchi, ularga xizmat ko‘rsatuvchi tuzilmaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Xususan, ish beruvchilar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi majburiy ma’lumotlarni taqdim etmaslik va jo‘natilgan nomzodlarni ishga olmaslik uchun jazo choralarini bekor qilish taklif etilmoqda.

Bu orqali bandlik organlari ish beruvchilardan to‘g‘ri va haqqoniy ma’lumotlarni to‘plab, ularga ish izlayotgan fuqarolarni yo‘naltiradi. Ish beruvchi esa nomzodni qabul qilish yoki qilmaslikni o‘zi hal etadi.

Ushbu tizimni joriy etish uchun maxsus elektron platforma yaratilib, dastlab Toshkent shahrida tajriba tariqasida boshlanadi va keyinchalik butun mamlakat bo‘yicha tatbiq etiladi.

Kasbiy ta’lim sifatini yanada oshirish maqsadida xususiy sektor vakillarini Kasbiy ko‘nikmalar markazlari faoliyatiga jalb etish, ayrim markazlarni esa aniq sohalar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim maskanlariga aylantirish rejalashtirilgan.

Mutasaddilarga kasbiy ta’limni uch bosqichli tizimga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Jumladan, internet orqali bepul videodarslarni joriy etish, ishlovchi fuqarolarga qayta tayyorgarlik yoki malaka oshirish uchun “kasb vaucheri” orqali imkoniyat yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Prezident malakali kadrlar tayyorlash respublikada ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladigan eng muhim omillardan biri ekanini ta’kidladi.


Avvalroq Spot Bandlik vazirligi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha platformani ishga tushirgani haqida yozgandi.

Osonish sayti orqali ham ish izlash, ham bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi e’lonlarni bepul joylashtirish mumkin.