Toshkentda 59 ta obyektda qurilish ishlari to‘xtatildi, deya xabar berdi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, so‘nggi oylarda Toshkent shahrida quruvchilar tomonidan qurilish me’yorlari va qonunchilikni buzish bilan bog‘liq ko‘plab holatlar aniqlanmoqda.
Ularning ayrimlari tegishli ruxsat beruvchi hujjatlar, ekspertizalar va texnik xulosalarsiz qurilishni boshlagan, shuningdek, fuqarolarga uy-joylarni noqonuniy sotishga uringan. Oqibatda fuqarolar jamg‘armasidan ayrilib, uy-joysiz qolmoqda.
“Toshkent shahar hokimligi vakolatli tuzilmalar bilan hamkorlikda bu masalada qat’iy va prinsipial pozitsiyani egallagan. Poytaxtning bir qator tumanlarida to‘liq hujjatlar to‘plamiga ega bo‘lmagan 59 ta obyektda qurilish ishlari butunlay to‘xtatildi, obyektlar elektr ta’minotidan uzib qo‘yildi. Qurilish maydonlarida nazorat va monitoring ishlari davom ettirilmoqda, har bir qonunbuzarlik holati bo‘yicha qonuniy choralar ko‘riladi”, — deyiladi hokimlik xabarida.
To‘xtatilgan obyektlarning deyarli uchdan biri Yangihayot tumanida joylashgan bo‘lib, ularning soni 17 tani tashkil etadi. Eng ko‘p qonunga xilof qurilishlar aniqlangan beshta tumanga Mirobod (8 ta obyekt), Mirzo Ulug‘bek (7 ta), Olmazor va Chilonzor (5 tadan) tumanlari ham kirgan. Noqonuniy qurilishlar soni eng kam bo‘lgan tumanlar Yakkasaroy va Uchtepa bo‘lib, ularda atigi 2 tadan obyekt aniqlangan.
Uy-joy sotib olishda Toshkent shahar hokimligi quyidagilarni tavsiya qiladi:
- sotib olinayotgan ko‘chmas mulkka doir barcha hujjatlarning asl nusxalarini (kadastr, ekspertizalar va kengashlarning xulosalari, texnik ko‘rik dalolatnomasi) tekshirish;
- sotuvchilarga naqd pul yoki norasmiy yo‘llar bilan pul bermaslik;
- quruvchi yoki obyektning qonuniyligiga shubha tug‘ilganda Toshkent shahar hokimligining rasmiy Telegram-botiga murojaat qilish.
Toshkent shahar hokimligi tadbirkorlar va quruvchilardan qurilish yoki savdo faoliyatini boshlashdan avval, barcha zarur hujjatlarni rasmiylashtirib olishni so‘ramoqda.
Ta’kidlanishicha, hokimlik qurilish talablarining har qanday buzilishiga va fuqarolar manfaatlariga zarar yetkazuvchi harakatlarga nisbatan qat’iy va murosasiz choralar ko‘radi.
Iyul oyida Qurilish vazirligi qoidabuzarliklar tufayli Toshkentdagi uchta turar-joy majmuasi: Sergeli City, Uchtepa City va Strong Cities qurilishini to‘xtatgan edi.
O‘zbekistonda uy-joy sotib olish va boshqa yirik to‘lovlar naqd pulsiz shaklga o‘tkazilishi mumkin. Prezident qarori loyihasida hisob-kitoblarni bank tizimiga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Qurilish vazirligi Toshkent shahrining bosh rejasi tadbirkor taklifi bilan o‘zgarmasligi haqida xabar bergandi.