OpenAI rahbari Sem Altman ChatGPT bilan yozishmalar huquqiy imtiyozlarga ega emasligi va sud jarayonlari doirasida oshkor bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda Business Insider xabar bermoqda.
Ko‘proq foydalanuvchilar, ayniqsa yoshlar, psixologik, tibbiy yoki moliyaviy yordam olish uchun ChatGPT’ga murojaat qilishmoqda. Biroq Teo Vonning podkastida kompaniya asoschisi bunday suhbatlar haqiqiy mutaxassislar bilan suhbatlar kabi maxfiylik darajasiga ega emasligini tan oldi.
“Agar siz terapevt, yurist yoki shifokor bilan gaplashsangiz, bunday suhbatlar uchun qonuniy imtiyoz mavjud… ChatGPT bilan bog‘liq holatda esa biz buni hali ishlab chiqqanimiz yo‘q,” — dedi Altman.
“Agar siz ChatGPT bilan eng shaxsiy narsalarni muhokama qilsangiz, keyin sud ishi boshlansa, bizni bu ma’lumotlarni taqdim etishga majbur qilishlari mumkin,” — deya ta’kidladi u.
U bunday ma’lumotlarni himoya qiladigan huquqiy asosni yaratish zarurligini ta’kidlab, suhbatlashgan siyosatchilari bu masalani zudlik bilan hal qilish kerakligiga rozi bo‘lishganini aytib o‘tdi.
Altman maxfiylik muammosi bilan bir qatorda, sun’iy intellektning joriy etilishi natijasida global kuzatuvning kuchayishi haqida ham tashvishini bildirdi.
“Dunyoda sun’iy intellekt qanchalik ko‘p bo‘lsa, undan foydalanishni kuzatishni xohlaydigan davlatlar shunchalik ko‘p bo‘ladi,” — dedi u va qo‘shimcha qildi: “Men jamoat xavfsizligi uchun maxfiylikning bir qismidan voz kechishga tayyorman. Ammo tarix shuni ko‘rsatadiki, bunday holatlarda davlatlar haddan oshib ketadi va bu meni chindan ham qo‘rqitadi”.
Bundan tashqari, iyul oyida AQSh Federal sudi OpenAI ChatGPT foydalanuvchilarining barcha chat jurnallarini — hatto ular o‘chirilgan yoki “vaqtinchalik” deb belgilangan bo‘lsa ham — saqlab qolishi kerakligi haqida qaror chiqardi.
Bunday qaror The New York Times gazetasining mualliflik huquqi ehtimoliy buzilishi bo‘yicha da’vosi doirasida qabul qilindi.
Bu shuni anglatadiki, endi foydalanuvchilar o‘z tarixidan o‘chirib tashlagan chatlar ham aslida yo‘q qilinmaydi — ularni potensial dalil sifatida saqlash majburiy bo‘ladi. Ilgari OpenAI bunday ma’lumotlar 30 kundan so‘ng o‘chirib tashlanishini va modelni o‘qitish uchun foydalanilmasligini va’da qilgan edi.
Huquqshunoslar buni sud jarayonlaridagi odatiy amaliyot deb hisoblashsa-da, inson huquqlari himoyachilari ogohlantirmoqda: bu raqamli platformalarga bo‘lgan ishonchni zaiflashtirib, maxfiylik siyosatlari sudda foydalanuvchilarni himoya qila olmasligini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, aniq qonunlar va tizimga o‘rnatilgan himoyasiz foydalanuvchi ma’lumotlari zaif bo‘lib qolaveradi — hatto kompaniyalar ularni saqlamaslikka va’da bergan taqdirda ham.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda 100 mingga yaqin yoshlar AI study platformasida sun’iy intellektga o‘qitilishi haqida yozgandi.