Rossiyada 1-avgustdan WhatsApp’ni bloklash masalasi muhokama qilinmoqda. Davlat dumasi bu ma’lumotni inkor etmoqda. Bu haqda hi-tech mail nashri xabar berdi.
Davlat dumasining axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sergey Boyarskiyning ta’kidlashicha, Rossiyada hozircha messenjerni taqiqlash rejalashtirilmayapti.
Gap jurnalist Anastasiya Kashevarovaning Telegram-kanalidagi postidan boshlandi. U o‘z xabarida WhatsApp 1-avgustdan boshlab Rossiyada bloklanishini yozgan.
Kashevarovaning aytishicha, messenjer 1-iyuldayoq to‘sib qo‘yilishi kerak edi, ammo “qandaydir xatolik yuz berdi”. “Sizga bir sirni ochay — bizning huquq-tartibot idoralari allaqachon Rossiya hududining bir qismida messenjer dasturini to‘sishga harakat qilishgan. WhatsApp ishlamagan joylarda fuqarolarga firibgarlardan qo‘ng‘iroqlar va xabarlar kelishi to‘xtagan. Ya’ni, natija ijobiy bo‘lgan”, deya yozadi jurnalist.
Davlat dumasining axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sergey Boyarskiyning Gazeta.ru'ga ma’lum qilishicha, Rossiyada 1-avgustdan boshlab WhatsApp’ning bloklanishi haqidagi ma’lumotlar mish-mish va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“[Messenjerning bloklanishi haqidagi ma’lumot] dam olish kunidagi navbatdagi bema’ni uydirma ekanligini bilaman. Negadir ayrim hamkasblarimiz o‘zlariga bunday yo‘l tutishga ruxsat berishadi. Mish-mishlarga, albatta, izoh bermayman”, — dedi Davlat Dumasining axborot siyosati qo‘mitasi raisi Sergey Boyarskiy.
WhatsApp va Telegram bloklanishi haqidagi gap-so‘zlar Rossiyada MAX milliy messenjer sifatida tan olinganidan keyin paydo bo‘ldi. Unga allaqachon maktab chatlari o‘tkazilmoqda va davlat xizmatlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Spot WhatsApp’da eslatmalar funksiyasi paydo bo‘lishi haqida yozgandi.
Yangi funksiya foydalanuvchiga keyinchalik o‘qish muhim bo‘lgan xabarlarni unutib qo‘ymaslikka imkon beradi.