Avvalroq Spot O‘zbekiston va Ozarbayjonning SOCAR davlat kompaniyasi Ustyurt platosida mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitimni imzolagani haqida yozgandi. Loyiha doirasida seysmik va geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, shuningdek, uglevodorodlar qazib olish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston va SOCAR o‘rtasidagi mahsulot taqsimotiga oid bitim qiymati qariyb $2 mlrdni tashkil etadi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanali lavhasida so‘z boradi.

Prognozlarga ko‘ra, Ustyurt neft va gaz mintaqasining oltita investitsiya blokida 100 mln tonna neft va 35 mlrd kub metr tabiiy gaz zaxiralariga ega “ulkan o‘lchamdagi” konni topish rejalashtirilgan.

Loyiha ishga tushgach, Ustyurt platosida yiliga 5 mln tonna neft qazib olish imkoniyati paydo bo‘ladi, bu import hajmidan 2,5 barobar ko‘pdir. O‘zbekiston 24 kompaniyasi SOCAR bilan hamkorlikda boshlangan “mega loyiha” O‘zbekistonning neftga bo‘lgan ehtiyojini chorak asrga ta’minlash imkonini berishini ta’kidladi.

Energetika vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Adhamjon Ubaydullayev loyihadan “umid katta” ekanini ta’kidladi. Ustyurtda qazib olingan gaz birinchi navbatda ichki bozorga yetkazib beriladi, sanoat esa arzon va sifatli neft mahsulotlari bilan ta’minlanadi.

“Loyihaning uch bosqichi doirasida qariyb 2$ mlrd sarmoya o‘zlashtiriladi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ichki iste’molni to‘liq qoplaydigan kon topish rejalashtirilgan”, — dedi Energetika vazirligi vakili.

O‘tgan hafta prezident mavjud konlarda neft va tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston yil boshidan Rossiya va Turkmanistondan rekord miqdorda gaz import qilgani haqida yozgandi.