Yevropa Ittifoqi va AQSh savdo bitimi tuzish va savdo bojlarini kamaytirishga kelishib oldi. Bu haqda RBC nashri xabar bermoqda.

Kelishuv o‘tgan hafta oxirida Shotlandiyada bo‘lib o‘tgan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi muzokaralar natijasi bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi AQShdan sotib olinadigan energiya hajmini sezilarli darajada oshirishga rozi bo‘ldi.

“Biz Rossiya nefti va gazini sezilarli miqdordagi Amerika nefti va yadro yoqilg‘isi bilan almashtiramiz”, — dedi fon der Lyayen uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

2028-yilgacha Yevropa mamlakatlari Amerika bozoridan $750 mlrdik suyultirilgan tabiiy gaz va neft xarid qiladi. Yevrokomissiya bundan oldin 2027-yilgacha Rossiya uglevodorodlaridan voz kechish niyatini bildirgan edi.

Tramp YeI bilan “eng yirik bitim” tuzganini ma’lum qildi. Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Yevropa davlatlari Amerika iqtisodiyotiga $600 mlrd sarmoya kiritishga va AQShdan “ulkan miqdorda” harbiy texnika sotib olishga tayyorligini bildirgan.

O‘z navbatida, Amerika tomoni Yevropa Ittifoqining aksariyat tovarlari, jumladan, avtomobillar va ularning butlovchi qismlari, yarimo‘tkazgichlar va farmatsevtika mahsulotlari uchun bojni 15%gacha pasaytirishga rozi bo‘ldi. Fon der Lyayen bitimni “erishish mumkin bo‘lgan eng yaxshi bitim” deb atadi.

Ba’zi tovarlar, xususan, samolyotlar va ularning ehtiyot qismlari uchun nol boj joriy etiladi. Alkogol va boshqa bir qator tovar pozitsiyalari bo‘yicha tariflar hali kelishilmagan. AQSh savdo vaziri Govard Lyutnikning aytishicha, Yevropa Ittifoqidan import bojlari bo‘yicha yakuniy qaror ikki haftadan keyin qabul qilinishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 18-sanksiyalar paketini tasdiqlagani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, Rossiyaning 22 ta bankiga qarshi sanksiyalar kiritilib, dengiz orqali tashishda Rossiya nefti narxining yuqori chegarasi $47,6gacha pasaytirilmoqda.