Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonun loyihasini rad etdi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat 1997-yilda qabul qilingan amaldagi “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonunning o‘rniga yaratilgan. Tashabbuskorlarga ko‘ra, u qonunchilik bazasini zamonaviy talablar, xalqaro tamoyillar, standartlar va ilg‘or amaliyotlar asosida takomillashtirishga qaratilgan.

Qonunda mahsulot xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, davlat organlarining vakolatlari aniqlashtirilmoqda. Sanitariya choralari, qoidalari va normalarini ishlab chiqish hamda qo‘llash tartibi xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilmoqda.

Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qadoqlash, o‘rash va tamg‘alashga qo‘yiladigan umumiy talablar ko‘rsatiladi. Qonun loyihasi tovarlarni saqlash, tashish va sotishda ularning kuzatib borilishini ta’minlash choralarini o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, hujjatda oziq-ovqat biznesi operatorlarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi qayd etilgan. Ularga mahsulot ishlab chiqaruvchilar va ularni qayta ishlash, yetkazib berish, saqlash, sotish, foydalanish va utilizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar kiradi.

Shu bilan birga, mahsulot aylanmasi bilan bog‘liq jarayonlarni nazorat va monitoring qilish uchun “ochiq va shaffof” elektron reyestrni joriy etish rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, bu Jahon savdo tashkiloti talablari va rivojlangan davlatlar tajribasi asosida amalga oshirilmoqda.

Mahsulotlar xavfsizligini nazorat qilish sohasida “ortiqcha byurokratik tartib-taomillar” bekor qilinmoqda. Sanitariya-epidemiologik xulosa, veterinariya sertifikati va Texnik jihatdan tartibga solish agentligining muvofiqlik sertifikatini majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish bekor qilinadi.

Ishlab chiqaruvchilarga “yaroqlilik muddati” atamasi bilan bir qatorda “eng yaxshi foydalanish muddati” (best before) yoki “so‘nggi foydalanish muddati” (use by) ta’riflaridan foydalanishga ruxsat beriladi.

Qonun loyihasini ko‘rib chiqishda mahsulotlarni markirovkalashni tartibga soluvchi bo‘lim eng munozarali bo‘ldi. Deputatlar qadoqlash va marketing materiallarida “voyaga yetmaganlar uchun tavsiya etilmaydigan” deb ko‘rsatilgan mahsulotlarga nisbatan bir qator e’tirozlarni bildirishdi.

Milliy tiklanish fraksiyasi a’zosi Ilhom Abdullayevning ta’kidlashicha, qonunchilikda “maktab yoshi” iborasi ishlatilmaydi. Shuningdek, u “marketing materiallari” tushunchasini juda noaniq deb ta’kidladi.

Qonun loyihasi uchun hozirgi ko‘rinishda 61 deputat — zalda hozir bo‘lganlarning yarmidan sal kamrog‘i ovoz berdi. Hujjat “bildirilgan fikrlarni hisobga olgan holda” qayta ishlash uchun yuborildi.