Rossiyadan benzin eksportini taqiqlash O‘zbekistonga yetkazib berishga ta’sir qilmaydi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
28-iyul kuni Rossiya hukumati yoz oxirigacha benzin eksportini to‘liq taqiqladi. Cheklovlar 31-avgustgacha bevosita neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga ham taalluqli.
Bu chora “yuqori mavsumiy talab va qishloq xo‘jaligi dala ishlari davrida ichki yoqilg‘i bozorida barqaror vaziyatni saqlab qolish” uchun qabul qilingan, deya tushuntirdi Rossiya hukumati.
“Qarorda ko‘zda tutilgan vaqtinchalik taqiq xalqaro hukumatlararo bitimlar doirasidagi kelishuvlarga tatbiq etilmaydi. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida hukumatlararo bitim mavjud. Shu bois ushbu taqiq O‘zbekiston importiga ta’sir qilmaydi”, — deya aniqlik kiritdi O‘zbekiston Energetika vazirligi Gazeta so‘roviga javoban.
Biroq, iqtisodchi Otabek Bakirov POLITIK Central Asia nashriga bergan izohida joriy etilgan cheklovlar O‘zbekiston yoqilg‘i bozorida narxlarning oshishiga olib kelishini ta’kidladi.
Uning fikricha, hukumatlararo kelishuvga kiritilmagan mayda importchilar bozordan chiqib ketadi. O‘z navbatida, ro‘yxatdagi monopolistlar va o‘z infratuzilmasi orqali importni bevosita yoki bilvosita nazorat qiluvchi mahalliy benzin ishlab chiqaruvchilar narxlarni oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston sentabr oyidan beri bozorning katta qismini egallagan AI-80 benzinini ishlab chiqarishdan voz kechishga intilishi fonida Rossiya benzinini eksport qilishga vaqtinchalik taqiq joriy etilgani ham vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
2023-yil noyabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Spot’ga Rossiya yoqilg‘isi eksportiga qo‘yilgan cheklovlar O‘zbekistonga ta’sir qilmasligini aytgandi. Ta’minot maxsus hukumatlararo bitim bilan tartibga solinadi, dedi u.
Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari importi 9,3% ga kamayib, $1,02 mlrdga tushdi, benzin yetkazib berish esa 3,1% ga pasayib, $815,8 mlnni tashkil etdi. Mamlakatga har yili taxminan 2 mln tonna neft olib kiriladi.
Rossiyadan benzin eksportini taqiqlash
Benzin eksportiga taqiq Rossiya bozorida yoqilg‘i narxining keskin oshishi fonida qabul qilindi. 24-iyul kuni Sankt-Peterburg birjasida AI-95 benzini narxi tonnasi uchun 76,3 ming rubldan oshdi va 2023-yil sentabr oyidagi tarixiy maksimal darajaga yaqinlashdi.
Benzin eksportiga qo‘yilgan dastlabki taqiq 2024-yilning mart oyidan avgust oyigacha amal qilgan bo‘lib, keyinchalik may oyida vaqtincha bekor qilingan edi. Shu bilan birga, xalqaro shartnomalar doirasida YOII davlatlari, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonga yetkazib berish davom etavergan.
Embargo 20-may kuni iyun oyi oxirigacha to‘xtatildi, keyin pauza yana bir oyga uzaytirildi. Keyinroq Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak 1-avgustdan benzin eksportiga taqiq qayta tiklangani, keyinchalik bu muddat oktyabr oxirigacha uzaytirilganini ma’lum qildi. Keyin taqiq muddati bahorgacha uzaytirildi.
Fevral oyi oxirida Rossiya hukumati benzin ishlab chiqarmaydigan kompaniyalar uchun benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni 1-martdan 31-avgustgacha yana uzaytirdi.