Rossiya hukumati yoz oxirigacha benzin eksportiga to‘liq taqiq joriy qildi. Tegishli qaror 28-iyul kuni bosh vazir Mixail Mishustin tomonidan imzolandi.

Benzin eksportiga qo‘yilgan cheklovlar 31-avgustga qadar bevosita neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga ham taalluqli hisoblanadi.

Rossiya hukumati “qaror yuqori mavsumiy talab va qishloq xo‘jaligi dala ishlari davrida ichki yoqilg‘i bozoridagi barqaror vaziyatni saqlab qolish uchun qabul qilinganini” tushuntirdi.

Benzin eksportiga taqiq Rossiya bozorida yoqilg‘i narxining keskin oshishi fonida qabul qilindi. 24-iyul kuni Sankt-Peterburg birjasida AI-95 benzini narxi tonnasi uchun 76,3 ming rubldan oshdi va 2023-yil sentabr oyidagi tarixiy maksimal darajaga yaqinlashdi.

Benzin eksportiga qo‘yilgan dastlabki taqiq 2024-yilning mart oyidan avgust oyigacha amal qilgan bo‘lib, keyinchalik may oyida vaqtincha bekor qilingan edi. Shu bilan birga, xalqaro shartnomalar doirasida YOII davlatlari, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonga yetkazib berish davom etavergan.

Embargo 20-may kuni iyun oyi oxirigacha to‘xtatildi, keyin pauza yana bir oyga uzaytirildi. Keyinroq Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak 1-avgustdan benzin eksportiga taqiq qayta tiklangani, keyinchalik bu muddat oktyabr oxirigacha uzaytirilganini ma’lum qildi. Keyin taqiq muddati bahorgacha uzaytirildi.

Fevral oyi oxirida Rossiya hukumati benzin ishlab chiqarmaydigan kompaniyalar uchun benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni 1-martdan 31-avgustgacha yana uzaytirdi.

2023-yil noyabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Spot’ga Rossiya yoqilg‘isi eksportiga qo‘yilgan cheklovlar O‘zbekistonga ta’sir qilmasligini aytgandi. Ta’minot maxsus hukumatlararo bitim bilan tartibga solinadi, dedi u.


Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz 2025-yil sentabrdan AI-80 benzinini ishlab chiqarishni to‘xtatishi haqida yozgandi.

Davlat kompaniyasi yuqori oktanli yoqilg‘i ishlab chiqarishni ko‘paytiradi va 2026-yildan boshlab AI-92 va AI-95 benzinini sotishga to‘liq o‘tadi.