O‘zbekistonda ish haqi, pensiya va nafaqalar inflyatsiya darajasidan yuqori ko‘tariladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2026−2028 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyada aytib o‘tilgan.
2028-yilgacha budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini yillik inflyatsiya darajasidan yuqori darajada oshirish rejalashtirilmoqda. Bu chora-tadbirlar “aholining turmush darajasini yuksaltirish, fuqarolarning real daromadlari o‘sishini ta’minlash va ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish” maqsadiga qaratilgan.
O‘tgan yili e’lon qilingan 2025−2027-yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyada ijtimoiy to‘lovlarni inflyatsiyadan past bo‘lmagan darajada indeksatsiya qilish haqida so‘z borgan edi.
Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Pensiya jamg‘armasi daromadlari barqarorligini ta’minlash uchun ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar berishni kuchaytirmoqchi.
Masalan, 2028-yilgacha xizmatlar sohasi uchun ijtimoiy soliqning pasaytirilgan stavkasi 1% miqdorida amal qiladi. Imtiyoz faqat 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlarga, agar ularning ish haqi 3 mln so‘mdan oshsa, tatbiq etiladi.
2025-yilda buudjetdan Pensiya jamg‘armasiga transfertlar hajmi 20 trln so‘mdan oshishi kutilmoqda. 2028-yilga borib esa bu miqdor 26 trlnga yetadi. Shunday qilib, 2023-yilga nisbatan transferlar deyarli ikki baravar ko‘payadi.
Infografikaga ko‘ra, 2022-yildan boshlab byudjet xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalar inflyatsiyadan yuqori darajada indeksatsiya qilingan. 1-iyuldan boshlab ijtimoiy to‘lovlar miqdori o‘rtacha 10% ga oshdi, inflyatsiya esa 2025 yil yakuni bo‘yicha 8% darajasida prognoz qilinmoqda.
Budjet xodimlarining ish haqini har 1 foiz punktga oshirish byudjetga 1,67 trln so‘mga tushadi. Pensiyalarning xuddi shunday o‘sishi — 861 mlrd so‘m. Ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni 10% ga oshsa, byudjet xarajatlari qariyb 1,6 trln so‘mga ko‘payadi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi qariyb 6 mln so‘mni tashkil etgani haqida yozgandi.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 10,1 mln so‘m bilan Toshkentga, eng past ko‘rsatkich esa 4,14 mln so‘m bilan Qashqadaryoga to‘g‘ri keldi.