O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida AI-80 benzini narxi ketma-ket 11 ta savdo sessiyasida oshmoqda. Bu haqda savdo maydonchasi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

28-iyul kuni AI-80 benzini narxi 0,5% ga oshib, bir tonna uchun 10,83 mln so‘mni tashkil etdi. Oxirgi marta yoqilg‘i narxi pasayishi kuzatilgan 11-iyuldan beri benzin deyarli 8,5% ga qimmatlashdi.

Iyul oyi boshida yoqilg‘i bu yil birinchi marta tonnasi uchun 10 mln so‘mdan oshdi. Bunga tovar-xomashyo birjasida 10-iyundan boshlab AI-80 benzini narxining sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 5% miqdorida o‘sishi bo‘yicha cheklov bekor qilingani sabab bo‘ldi.

2024-yil noyabr oyida Raqobat qo‘mitasi tomonidan joriy etilgan narx chegarasi bekor qilinganidan so‘ng, AI-80 benzini 14,56% ga qimmatlashdi. Iyul oyi boshidan buyon yoqilg‘i narxining o‘sishi 10% ga, ikki oyda esa 16,42% ga yetdi.

Rossiya benzini eksporti taqiqlanishi fonida iqtisodchi Otabek Bakirov yoqilg‘i bozorida narxlar oshishini kutmoqda. Uning fikricha, hukumatlararo kelishuvga kiritilmagan mayda importchilar bozordan chiqib ketadi.

O‘z navbatida, ro‘yxatdagi monopolistlar va o‘z infratuzilmasi orqali importni bevosita yoki bilvosita nazorat qiluvchi mahalliy benzin ishlab chiqaruvchilar narxlarni oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘tgan noyabr oyida AI-80 benzinining birja narxi bir tonnasi uchun psixologik ko‘rsatkich — 10 mln so‘mdan oshdi. Shundan so‘ng, Raqobat qo‘mitasi bir tonna AI-80 benzinining maksimal narxini 9 377 555,25 so‘m etib belgiladi. Avtomobil yoqilg‘isining asosiy ishlab chiqaruvchisi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi hisoblanadi.

Joriy yilning fevral oyida prezident 2025-yil oxirigacha AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va uni sotishni cheklash, aholini “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i” bilan ta’minlash uchun “barcha kuch va vositalarni safarbar qilish” bo‘yicha topshiriq bergandi.

O‘zbekneftgaz 2025-yil sentabrdan AI-80 benzinini ishlab chiqarishni to‘xtatishi haqida xabar berilgandi. Davlat kompaniyasi yuqori oktanli yoqilg‘i ishlab chiqarishni ko‘paytiradi va 2026-yildan boshlab AI-92 va AI-95 benzinini sotishga to‘liq o‘tadi.


Avvalroq Spot Rossiya yoz oxirigacha benzin eksportini to‘liq taqiqlagani haqida yozgandi.

Cheklovlar barcha kompaniyalarga, shu jumladan ishlab chiqaruvchilarga ham tegishli bo‘ladi. Qaror Rossiyada yoqilg‘i narxining keskin oshishi fonida qabul qilindi.