Microsoft sun’iy intellekt ta’siriga eng ko‘p uchraydigan 40 ta kasb ro‘yxati keltirilgan tadqiqotni e’lon qildi. Bu haqda People Talk nashri xabar berdi.

Ular orasida tarjimonlar, tarixchilar, jurnalistlar, yozuvchilar, styuardessalar, modellar, matematiklar, konserjlar va boshqa intellektual va xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari bor.

sun'iy intellekt, microsoft, tadqiqot

Qayd etilishicha, bugungi kunda ChatGPT kabi til modellari tomonidan vazifalarining bir qismi bajarilayotgan aqliy mehnat vakillari xavf ostida turibdi.

Tadqiqot mualliflari “sun'iy intellektning kasbga qo‘llanilishi” darajasini aks ettiruvchi maxsus indeksni ishlab chiqdilar. Bu indeks algoritmlarning insonni qo‘llab-quvvatlashi yoki o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan darajani ko‘rsatadi.

Microsoft’ning katta tadqiqotchisi Kiran Tomlinson ta’kidlaganidek, tadqiqotning maqsadi ishdan bo‘shatishlar bilan qo‘rqitish emas, balki sun’iy intellektning ish unumdorligiga qanday ta’sir ko‘rsatishini tushunishdir.

Tadqiqot AQSh mehnat bozorini qamrab olgan bo‘lsa-da, tahlilchilar bu xulosalar dunyoning ko‘plab mamlakatlariga ham tegishli ekanligiga ishonch bildirmoqdalar.

Shuningdek, tadqiqotda sun’iy intellekt ta’siriga uchramaydigan 40 ta kasb ro‘yxati keltirilgan.

Ular orasida hamshiralar, massajistlar, idish yuvuvchilar, haydovchilar, yo‘l ishchilari, tom yopuvchilar, og‘ir texnika operatorlari, sanitarlar va zavod ishchilari bor.

sun'iy intellekt, microsoft, tadqiqot

Ularning vazifalari jismoniy mehnat, odamlar bilan bevosita muloqot yoki texnikani boshqarish bilan bog‘liq.

Biroq, mutaxassislarning ta’kidlashicha, robototexnika rivojlanishi bilan bu sohalar ham tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketishi ehtimoldan xoli emas.


Avvalroq Spot Google sun’iy intellekt bilan yaratilgan saraton dorisini sinash uchun ko‘ngillilar izlayotgani haqida yozgandi.

Preparat oqsillar va DNK tuzilishidagi o‘zgarishlarni oldindan aytib bera oladi. Ishlab chiquvchilar kelajakda sun’iy intellekt har qanday kasallikni davolay olishiga ishonch bildirmoqdalar.