YouTube videoxostingi Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda BBC nashri xabar bermoqda.
Avstraliya federal parlamenti senati o‘tgan yilning noyabr oyida 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashni ma’qullagan edi.
Qonun xalqaro platformalar, jumladan, Instagram, Facebook, TikTok, Snapchat, Reddit va X’ga Avstraliyadan kelgan o‘smirlarga o‘z xizmatlarida akkauntlar yaratishni taqiqlash majburiyatini yuklashi taxmin qilinmoqda. Taqiqni bajarishdan bosh tortganlik uchun resurslarga katta miqdorda jarima solinadi.
Tashabbus mualliflarining ta’kidlashicha, dunyodagi birinchi bunday taqiq bolalarni ijtimoiy tarmoqlar yetkazadigan zarardan, shu jumladan psixologik zarardan himoya qilish imkonini beradi.
Hozirda mamlakatda taqiqni ta’minlash usullari sinovdan o‘tkazilmoqda, qonun dekabr oyida kuchga kirishi kerak. Dastlab, YouTube platformasi istisno bo‘lishi va uning ta’siriga tushmasligi taxmin qilingan edi.
Taqiq doirasida o‘smirlar YouTube’da videolarni ko‘rishni davom ettirishlari mumkin, biroq ularga platformada hisob ochish imkoniyati berilmaydi.
Bu esa kontent yuklash, fikr bildirish, boshqa foydalanuvchilarga obuna bo‘lish va munosabat bildirish kabi harakatlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladi.
Avvalroq Spot Norvegiya hukumati ijtimoiy tarmoqlarga kirish uchun yosh cheklovlari kuchaytirilishi, minimal yoshni 13 yoshdan 15 yoshgacha oshirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Norvegiya bosh vaziri Jonas Gahrning so‘zlariga ko‘ra, bu “bolalar ongini” texnogen gigantlar algoritmlarining salbiy ta’siridan himoya qilishga qaratilgan.