Avvalroq Spot O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar tufayli biznesga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibini soddalashtirish bo‘yicha taklif ishlab chiqilayotgani haqida yozgandi.
28-iyul kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot doirasida Biznes-ombudsman o‘rinbosari Jamshid O‘runov Spot bilan suhbatda elektr energiyasi uzilishi zarar yetkazgan bo‘lsa, tadbirkorlar yoki fuqarolar kompensatsiya olish uchun sudga murojaat qilishlari mumkinligini tushuntirdi. Bundan tashqari, ogohlantirmasdan elektr energiyasini o‘chirishni cheklash taklif etilmoqda.
“Ba'zi hududlarda kuniga 17 martagacha elektr ta’minoti uzilgan. Bunday sharoitda qanday ishlab chiqarish bo‘lishi mumkin? Masalan, to‘qimachilik fabrikasida 2000 nafar xodim shunchaki yana chiroq yonishini kutib bekor o‘tiribdi”, — deb ta’kidladi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Hududiy elektr tarmoqlari kompaniyalarga tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatini berish maqsadida biznesni elektr uzilishlari haqida oldindan xabardor qilishga majbur qiladigan tartib ishlab chiqilmoqda. Bu, shuningdek, zararlarni qoplash uchun sudga murojaat qilish va elektr uzilishlarining noqonuniyligini isbotlash jarayonini soddalashtiradi.
Jamshid O‘runov elektr ta’minotidagi uzilishlar haqida biznesni majburiy xabardor qilish taklifi bu yil ham, o‘tgan yildagi kabi, kiritilganini ta’kidladi.
O‘tgan yilgi tashabbus qanday natija berganini so‘rashganda, u: “Qabul qilinmagan bo‘lsa, demak, o‘tmagan,” deb javob berdi.
2024-yil 29-iyun kuni o‘sha paytdagi Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov ogohlantirishsiz elektr ta’minotidagi uzilishlar uchun elektr tarmoqlari javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha taklif ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, u uzilishlar tufayli tadbirkorlik faoliyatiga zarar yetganini tan oldi.
Iyul oyida Hududiy elektr tarmoqlariga elektr ta’minotidagi uzilishlar uchun ogohlantirishsiz kompensatsiya to‘lash majburiyatini yuklash taklif qilingan edi. Tegishli tashabbusni TESTO hammuassisi Nargiza Ulug‘ova ilgari surdi.
Biznes vakillarining aytishicha, bir muassasada kuniga 8−10 martagacha bo‘ladigan favqulodda elektr uzilishlari zarar ko‘rishga va uskunalarning buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, HET ko‘pincha tadbirkorlarni elektr ta’minotidagi uzilishlar haqida ogohlantirmaydi, dispetcherlik xizmatiga esa 80% hollarda bog‘lanib bo‘lmaydi.
“Biz normal iste’molchilarmiz, shartnomamiz bor, unda aniq yozilgan: ta’minotchi uzilishlar haqida ogohlantirishi shart. Shunchaki o‘chirib qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q”, — deya ta’kidladi ChayKof tarmog‘i va Moloko kafesining boshqaruvchi hamkori Alina Simerman.
Shuningdek, restoratorlar Hududiy elektr tarmoqlari shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun javobgar emasligidan shikoyat qilishdi.