O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri tasdiqlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident farmoni bilan E’zozxon Gapirjanovna Karimova Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri etib tayinlandi.
Bundan ilgariroq uning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangandi.
E’zozxon Karimova 2021-yilda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi bo‘limi boshlig‘i, 2021−2023-yillarda Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori maslahatchisi lavozimlarida ishlagan.
2023−2024-yillarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi Yangi O‘zbekiston universitetining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektori vazifasida ish olib borgan.
Joriy yilning 7-may kuni Karimova Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari — Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlandi.
Ungacha esa, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktorining ma’naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi vazifasida ishlagan.
Iyul oyidagi prezidentning davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirishga qaratilgan farmoni bilan Hilola Umarova prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U 2022-yil oxiridan buyon Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.