IT Park Uzbekistan sun’iy intellektdan foydalangan holda ikkita raqamli yechimlar tanloviga arizalar qabul qilishni boshlaganini e’lon qildi.
Tadbirlar BAAning Ignyte xalqaro startap ekotizimi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Tanlov ishtirokchilariga davlat xizmatlari va moliyaviy texnologiyalar sohalarida yechimlar ishlab chiqish taklif etiladi.
Davlat xizmatlari yo‘nalishida quyidagi vazifalarning yechimlarini ishlab chiqish taklif etiladi:
- ish jarayonlarini avtomatlashtirish (buyurtmalarni qayta ishlash, hujjatlarni solishtirish, tarjima qilish va boshqalar);
- trendlarni aniqlash, bashorat qilish, firibgarlikni aniqlash va qaror qabul qilishni takomillashtirish uchun sun’iy intellekt yordamida katta ma’lumotlarni tahlil qilish;
- davlat kompaniyalari ishini optimallashtirish;
- boshqaruvda fuqarolar ishtirokini kengaytirish;
- xizmatlardan foydalanishdagi bo‘shliqlarni yopish (ovozli va USSD-tizimlar, qo‘shimcha tillar, imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun moslashtirish);
- jamoat xavfsizligi va favqulodda xizmatlarga yordam.
Fintex yo‘nalishidagi ustuvor vazifalar ro‘yxati:
- moliyaviy inklyuzivlik (aholining to‘lovlar bilan qamrab olinmagan qismi uchun to‘lovlar, elektron hamyonlar, kreditlar, pul o‘tkazmalaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash);
- elektron to‘lovlarni ilgari surish (kichik biznes va norasmiy bandlik sohasiga alohida e’tibor qaratgan holda);
- foydalanuvchilarning moliyaviy savodxonligi va faolligini oshirish;
- ekotizimlar integratsiyasi va ularning o‘zaro muvofiqligini ta’minlash;
- moliyaviy texnologiya xizmatlarini ayollar uchun, shuningdek, internetning past tezligi uchun moslashtirish;
- mikrokorxonalar, kichik va o‘rta biznes uchun vositalar.
Mahsulotlar shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashning mahalliy me’yorlariga, shuningdek, xalqaro xavfsizlik standartlariga javob berishi kerak. O‘zbek va rus tillarini qo‘llab-quvvatlash majburiydir (fintex yechimlari bo‘lsa, ingliz interfeysi ham bo‘lishi maqsadga muvofiq).
Har ikki musobaqaning final bosqichi 9-sentabr kuni BAAda bo‘lib o‘tadi, unda har bir yo‘nalish bo‘yicha 4−5 ta eng yaxshi jamoa ishtirok etadi. Sovrin jamg‘armasi $10 mingni tashkil etadi.
Tafsilotlarni bilish va ro‘yxatdan o‘tish uchun bu yerda (davlat xizmatlari yo‘nalishi uchun) yoki bu yerda (fintex yo‘nalishi uchun) ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin.
Avvalroq Spot Yandex Uzbekistan maktab o‘quvchilari uchun Pythonda dasturlash bo‘yicha onlayn kurs ishga tushirayotgani haqida yozgandi.