AQSh Janubiy Koreya bilan savdo bitimini imzoladi, unga ko‘ra bojxona to‘lovlari 15%ni tashkil etadi. Bu haqda prezident Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlardan hech qanday boj undirilmaydi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Seul Vashingtonga “AQSh egalik qiladigan va nazorat qiladigan investitsiyalar” uchun $350 mlrd ajratadi. Bundan tashqari, Janubiy Koreya AQShdan $100 mlrdga suyultirilgan gaz va boshqa energiya resurslarini sotib oladi.

Oq uy rahbari Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Men tez orada Vashingtonga tashrif buyurishini ma’lum qildi.

Lining o‘zi Janubiy Koreya tomonidan va’da qilingan $350 mlrdlik sarmoya kemasozlik, yarimo‘tkazgichlar, akkumulyatorlar, biotexnologiya va energetika kabi strategik sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini tushuntirdi, deya uning so‘zlarini keltiradi Yonhap.

Xususan, Janubiy Koreya kemasozlik kompaniyalarining Amerika bozoriga kirishi uchun 150 mlrd ajratiladi.

“Biz jiddiy to‘siqni yengib o‘tdik”, — dedi Janubiy Koreya rahbari. “Ushbu kelishuv tufayli hukumat eksport muhitidagi noaniqliklarni bartaraf etdi va kompaniyalarimizga yetakchi davlatlar bilan teng yoki hatto qulayroq sharoitlarda raqobatlashish imkonini beradigan sharoitlarni yaratdi”, — dedi u.

AQSh va Janubiy Koreya, shuningdek, AQShning asosiy eksport mahsuloti bo‘lgan koreys avtomobillariga bojlarni 25% dan 15% gacha pasaytirishga kelishib oldi, dedi prezidentning siyosat bo‘yicha bosh kotibi Kim Yon Bom.

Shu bilan birga, Janubiy Koreya guruch va mol go‘shti bozorlarini ochishga rozi bo‘lmadi, dedi Kim.


Avvalroq Spot AQSh va Yevropa Ittifoqi import bojlarini o‘zaro kamaytirishga kelishib olishgani haqida yozgandi.

Yevropa Ittifoqi AQSh neft va gazini sotib olishni ko‘paytiradi, shuningdek, mamlakatga $600 mlrdgacha sarmoya kiritadi.