31-iyul kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

“Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan qo‘shimchalar bilan sotuvchilarni oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilgan majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishga undaydigan normalar belgilandi.

Endi sotuvchi oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilgan muddatda tovarni topshirish bo‘yicha majburiyatini bajarmasa, kechiktirilgan har bir vaqt birligi uchun majburiyat bajarilmagan qismining 0,5%i miqdorida iste’molchiga penya to‘laydi. Biroq uning umumiy summasi topshirilmagan tovar bahosidan oshib ketmasligi kerak.

Shuningdek, qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ichki ishlar organlari xodimi va Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jazo choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Bundan tashqari, qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, barcha oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda faqat yodlangan tuzdan foydalanilishi belgilandi.

Ushbu qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning yanvar oyida qabul qilingan, Senat tomonidan esa, may oyida ma’qullangandi.