2025-yilning yanvar-iyul oylari yakunlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi AQSh dollariga nisbatan mustahkamlanishda davom etdi. Bu haqda Spot o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

Iyul oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 62,56 so‘mga yoki 0,49% ga qimmatlab, 12 591,57 so‘mni tashkil qildi. Oy davomida valyuta kursi 12 600−12 800 so‘m oralig‘ida o‘zgarib turdi.

Biroq so‘nggi haftada milliy valyuta keskin mustahkamlana boshladi va to‘rt kun ichida 262 so‘mdan ko‘proqqa qimmatlashib, 25-iyundan boshlab eng yuqori cho‘qqiga chiqdi.

O‘tgan oy yakunlariga ko‘ra, aksariyat tijorat banklarida dollar kursi 12 600 so‘mdan past darajada saqlanib qoldi. Eng qimmat Amerika valyutasini Poytaxt bank xarid qilmoqda — 12 660 so‘m, eng foydali sotuv kursi esa Tenge bank tomonidan taklif etilmoqda — 12 640 so‘m.

Dastlabki yetti oyda milliy valyuta dollarga nisbatan 2,55% ga yoki 328 so‘mga mustahkamlandi. 2024-yilda o‘zbek so‘mi nisbiy hisobda atigi 4,71% ga, mutlaq hisobda esa 581,78 so‘mga qadrsizlangan.

dollar, dollar kursi, iyul, markaziy bank, so'm

May oyi boshida Markaziy bank rahbari o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov bu yil bahorda so‘mning barqarorligini uchta omil bilan izohlagan edi. U pul o‘tkazmalari oqimining o‘sishi, xorijiy investitsiyalarning ko‘payishi, shuningdek, tovar eksportining importga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlarini qayd etdi.

  • tashqi savdo aylanmasining o‘sishi — yarim yil ichida eksport 29,1% пa, import 7% ga oshdi;
  • oltin eksportining o‘sishi — yanvar-iyun oylarida $6,49 mlrd (o‘sish 54,8%);
  • transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘sishi — birinchi yarim yillikda $8,2 mlrd (+27%).

Spot bilan suhbatlashgan ekspertlar dollar zaiflashuvining turli sabablarini keltirishdi. Donald Tramp siyosati tufayli Amerika valyutasiga bo‘lgan ishonchning pasayishi, oltinga bo‘lgan global talabning oshishi, transchegaraviy o‘tkazmalarning ko‘payishi, shuningdek, eksport tushumlari fonida valyuta taklifining oshishi va unga bo‘lgan cheklangan talab shular jumlasidandir.

Kap Depo investitsiya bankiri Muzaffar Roziqov makroiqtisodiy barqarorlik saqlanib qolsa va valyuta oqimi o‘sib borsa, so‘mning mustahkamlanishi uzoq muddatli tendensiyaga aylanishi mumkinligini tan oldi. Shuningdek, tashqi iqtisodiy konyunktura va xomashyo tovarlari, birinchi navbatda, oltin narxlari dinamikasi ham kursga ta’sir ko‘rsatadi.

Bahorda Xalqaro valyuta jamg‘armasi Markaziy bankka valyuta kursining moslashuvchanligini oshirish va uning kengroq chegaralarda tebranishiga yo‘l qo‘yishni tavsiya qildi. Ekspertlarning fikricha, bu tashqi shoklardan himoyani ta’minlaydi va pul-kredit siyosatining transmissiyasini kuchaytiradi. Hukumat kengashni ijobiy qabul qildi, deya ta’kidladi tashkilot.