O‘zbekistonda iyul oyida iste’mol narxlari o‘rtacha 0,2% ga kamaydi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida ma’lum qilingan.
Oziq-ovqat mahsulotlari narxi iyul oyida o‘rtacha 1% ga tushdi. Mevalar va yong‘oqlar 9% dan ko‘proq, sabzavotlar, ildizli mahsulotlar va dukkaklilar esa 4,8% ga arzonlashdi. Shuningdek, sut mahsulotlari va tuxumlar (−0,8%), hamda un va boshqa don mahsulotlari (−0,1%) narxlari ham bir oz tushdi. Go‘sht narxi deyarli 2% ga oshdi.
Yillik hisobda oziq-ovqat inflyatsiyasi sezilarli darajada tezlashgan: 2024-yil iyulida ushbu ko‘rsatkich 2,9% bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 6,5% ga yetdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlar segmentida inflyatsiya past darajada saqlanmoqda — oylik 0,2%, yillik 7,1%. Kiyim-kechak, poyabzal va maishiy texnika narxlari oylik hisobda atigi 0,1% ga o‘sgan (yillik 4,4% va 4,9%).
Xizmatlar sohasi esa inflyatsiyaning asosiy omili bo‘lib qolmoqda — iyul oyida narxlar 0,9% ga, so‘nggi bir yil ichida esa 16,3% ga oshgan.
Iyul oyida Buxoro, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida sovuq suv va kanalizatsiya uchun yangilangan tariflar joriy qilindi. Navoiy va Samarqand viloyatida esa maishiy chiqindilarni olib ketish, Jizzax, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish xizmati tariflari yangilandi.
Yil boshidan beri esa umumiy inflyatsiya darajasi 4% ni tashkil qildi. Bu oylik o‘rtacha 0,6% o‘sishga to‘g‘ri keladi. Yillik inflyatsiya sur’ati may-iyun oylariga nisbatan biroz tezlashib, 8,9% ni tashkil etdi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi O‘zbekistonda aviachiptalar narxining yuqoriligi kerosin tanqisligi bilan bog‘liqligini qayd etgandi. Monopoliyaga qarshi organ aviayoqilg‘i qimmatligini ta’kidladi, biroq bozorda raqobat cheklovlarini ko‘rmayapti.