1-sentabrdan boshlab Rossiyada mehnat migrantlari uchun yangi bojlar joriy etiladi va amaldagilari oshiriladi, deya xabar bermoqda RBC.
Nashrning ma’lum qilishicha, tegishli qonun prezident Vladimir Putin tomonidan 31-iyul kuni imzolangan.
Rossiya Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar Moliya vazirligi tashabbusi bilan kiritilmoqda. Ular chet el fuqarolarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi uchun bojlar va yig‘imlar, shuningdek, ularga ishlash uchun ruxsatnomalar berishga taalluqli bo‘ladi.
Chet el fuqarosini yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im 420 rubldan 1000 rublgacha (Markaziy bank kursi bo‘yicha 158 650 so‘m) oshiriladi. Yashash joyi bo‘yicha hisobga qo‘yish uchun 500 rubl (79 325 so‘m), vizasiz vaqtincha bo‘lish muddatini uzaytirish uchun esa 1000 rubl undiriladi.
Moskva va Moskva viloyatidagi mehnat muhojirlari uchun istisno qilinadi. Ular telefon geolokatsiyasi orqali joylashuvni kuzatish tajribasiga jalb etiladi. Bu tajriba 1-sentabrdan boshlanishi kerak.
Mehnat faoliyati patentini berish yoki qayta rasmiylashtirish 4200 rubl (666 330 so‘m) ga tushadi. Ishlashga ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun ham shunday haq belgilanadi. Hujjatga tuzatishlar kiritishda yoki dublikatni olishda 2100 rubl (333 175 so‘m) to‘lash kerak bo‘ladi.
Haydovchilik guvohnomasini olish narxi 2−3 mingdan 4−6 ming rublgacha oshadi. Avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish va raqam berish — 2 mingdan 3 ming rublgacha, transport vositasi pasportini berish uchun endi 800 so‘m o‘rniga 1,2 ming so‘m to‘lashga to‘g‘ri keladi;
Moliya vazirligi iyul oyi boshida xorijliklar uchun bojlarni oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etgan edi. Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, yangiliklar Rossiya budjetiga qo‘shimcha 17 mlrd rubl keltirishi mumkin.
Avvalroq Spot Sankt-Peterburgda xorijliklarning taksi sohasida ishlashiga taqiq joriy etilayotgani haqida yozgandi.