Mirabror Mirzoxidov 1996-yil 13-sentabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Maktabni tamomlagach, Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida Biznesda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida tahsil olgan.

2019-yilda M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filialini Amaliy matematika va informatika mutaxassisligi bo‘yicha bakalavr darajasi bilan yakunlagan. Keyinchalik Germaniyaning Passau universitetida Kompyuter fanlari bo‘yicha magistratura bosqichida o‘qigan.

Hozirda Mirabror Mirzoxidov mamlakatdagi IBM kompaniyasida yetakchi muhandis lavozimida faoliyat yuritmoqda. U Spot bilan suhbatda nima uchun Germaniyada o‘qish va ishlashni tanlagani, IBM’ga ishga qanday qabul qilingani haqida so‘zlab berib, mamlakatda ishlash, yashash va ish topish borasidagi tajribalari bilan bo‘lishdi.


Dasturlashga qiziqish

Maktabdayoq texnik fanlarga katta qiziqish bildirardim. Ammo dasturlashga bo‘lgan chinakam ishtiyoqim kollej davrida — dasturlash asoslarini o‘rgana boshlaganimda paydo bo‘ldi. Ayniqsa, ikkinchi kurs oxirida BePro dasturchilar markazida amaliyot o‘tashim bu sohaga kirib kelishimga turtki berdi.

Amaliyot davomida tajribali dasturchilar menga kichik vazifalarni topshirishdi va bu orqali dasturlashning amaliy jihatlarini chuqurroq anglashimga yordam berishdi. Shu jarayonda mustaqil loyihalarda ham ishlashni boshladim.

germaniya, ibm, mirabror mirzoxidov, xorijdagi o'zimiznikilar

Foto: Mirabror Mirzoxidovning shaxsiy arxividan

2014-yilda kollejda o‘qib yurgan vaqtimda do‘stim bilan birga kamera orqali atrofdagi ranglarni aniqlay oladigan mobil ilova yaratdik. Garchi bu loyiha startap darajasiga chiqmagan bo‘lsa-da, bu biz uchun dastlabki muhim tajriba bo‘ldi. Ilovani Microsoft Imagine Cup tanloviga taqdim etdik. Hozir bu tanlov faol bo‘lmasa-da, tayyorgarlik jarayoni bizni ko‘proq o‘rganishga, izlanishga va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga undadi.

Men uchun dasturchilikdagi ilk jiddiy qiyinchilik — algoritmik fikrlashni shakllantirish bo‘ldi. Muammoni bosqichlarga ajratish, har bir bosqichni tahlil qilish va eng maqbul yechimni topish oson emas.

Universitet davrida esa eng katta sinov nazariy matematika fanlari bilan amaliy dasturlashni uyg‘unlashtirish bo‘lgan. Bu murakkablikni yengish uchun nazariy tushunchalarni kod orqali ishlatishga harakat qildim. Shu yo‘l bilan nafaqat nazariyani yaxshi tushuna oldim, balki uni haqiqiy dasturiy loyihalarda qo‘llashni ham o‘rgandim.

Mijozga texnologiya emas, natija kerak

Dasturchilikdagi ilk tajribam 2014-yilda BePro markazida boshlangan. O‘shanda hali universitetning ikkinchi kursida o‘qirdim. Dastlab amaliyotchi edim, keyin junior dasturchi, oxir-oqibat tizim va biznes-analitik lavozimlarigacha ko‘tarildim. Bu yerda asosan davlat tashkilotlari bilan bog‘liq loyihalarda ishtirok etganman — har bir loyiha odatda 6−8 oy davom etardi.

Ishimning boshida dasturchilar jamoasi bilan ishladim. Keyinchalik biznes-analitik sifatida ham tajriba orttirdim. Bu menga nafaqat kod yozish, balki mijoz bilan muloqot qilish, ehtiyojini anglash va unga to‘g‘ri yechim topishni o‘rgatdi.

Mijozlar ofislariga borib, ularning ish jarayonini o‘rganar ekanman, tushundimki, IT — bu faqat kod yozish emas. Aslida, bu biznesni chuqur tushunib, texnologiyalar orqali real muammolarga amaliy yechim topishdir.

Ish boshlaganimda maosh deyarli yo‘q edi. Ba’zida butunlay tekin ishlagan paytlarim ham bo‘lgan. Lekin vaqt o‘tgan sayin tajriba ortdi, mas’uliyat ko‘paydi — maoshim ham asta-sekin oshdi.

Eng yodda qolgan holatlardan biri — mijoz bilan ilk uchrashuvim bo‘lgan. Texnik atamalarni haddan ortiq ko‘p ishlatganim uchun mijoz nima demoqchi bo‘lganimni tushunmagan. Hamkasbimning “mijozga texnologiya emas, natija kerak — u bilan oddiy, tushunarli tilda gaplashish zarur”, degan gapi o‘sha kundan buyon doim yodimda.

Germaniyada magistraturaga qabul va viza jarayoni

Birinchidan, nemis tilini bilganim va Passau universitetida ta’lim olganim tufayli magistratura uchun Germaniyani tanladim. Bu yerda menga eng ko‘p ta’sir qilgan narsa — nemislarning ishga bo‘lgan yondashuvi: ular har bir ishni mas’uliyat bilan, chuqur anglab, puxta bajaradi. O‘z sohasida haqiqiy professionallar.

Germaniyadan tashqari, Rossiyadagi bir nechta universitetlarga ham magistraturaga qabul qilingandim. Ammo Germaniya universitetlarining ilmiy salohiyati, zamonaviy laboratoriyalari va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari menga ko‘proq maqul kelgan.

Germaniyada o‘qish uchun IELTS imtihonidan 7 ball talab qilinardi, menda kerakli bal bor edi. So‘ng barcha hujjatlarni to‘plab kerakli oliygohga ariza topshirdim. O‘qishga qabul qilinganimdan keyin rasmiy qabul xatini oldim.

germaniya, ibm, mirabror mirzoxidov, xorijdagi o'zimiznikilar

Foto: Mirabror Mirzoxidovning shaxsiy arxividan

Germaniyada asosan, oliy ta’lim bepul bo‘lishiga qaramay, talaba vizasini olish uchun moliyaviy ta’minotni ko‘rsatish majburiy. Buning uchta asosiy yo‘li mavjud:

  1. Blok hisob (Blocked Account) — Germaniyadagi bankda taxminan 11 000 yevro (taxminan $12 600) miqdoridagi mablag‘ni muzlatib qo‘yish talab etiladi. Bu summa talabaning bir yillik yashash xarajatlarini qoplash uchun mo‘ljallangan.
  2. Stipendiya. Agar sizda rasmiy stipendiya (masalan, DAAD yoki boshqa tashkilotlardan) mavjud bo‘lsa, alohida moliyaviy kafolat talab etilmaydi. Stipendiya o‘zi sizning yashash xarajatlaringizni qoplash vositasi sifatida qabul qilinadi.
  3. Moliyaviy kafillik (Verpflichtungserklärung). Agar Germaniyada yashovchi biror shaxs siz uchun rasmiy ravishda moliyaviy javobgarlikni o‘z zimmasiga olsa, bu ham talabni qoplaydi. Kafillik maxsus hujjat orqali amalga oshirilib, Germaniya migratsiya idorasi tomonidan tasdiqlanadi.

Men talaba vizasi uchun hujjatlarni topshirganimda jarayon nisbatan oson kechdi va 2 oy atrofida yakunlandi. Asosiy talab qilinadigan hujjatlar quyidagilardan iborat:

  • universitetdan qabul xati;
  • moliyaviy ta’minot hujjatlari;
  • sog‘liq sug‘urtasi;
  • bakalavr diplomi;
  • rezyume (CV).

Bu hujjatlar Germaniya elchixonasi orqali topshiriladi.

Shuningdek, Germaniyada o‘qishni tamomlagan xalqaro talabalar, men kabi, mamlakatni tark etmasdan talaba vizasidan ishchi vizaga o‘tish imkoniyatiga ega. Buning bir nechta yo‘li mavjud. Birinchisi, Job Seeker Visa (Ish qidiruvchi viza). Universitetni tugatgach, talabalar 18 oygacha amal qiladigan ish qidiruvchi vizani olishlari mumkin. Bu davr ichida ular Germaniyada qolib, har qanday turdagi ishni bajarishlari mumkin. Asosiy maqsad — o‘z mutaxassisligiga mos ish topish. Ish topilgach, ushbu viza ishchi vizaga almashtiriladi. Masalan, men ham o‘qishni tugatganimdan so‘ng, aynan shu yo‘l orqali o‘z sohamga oid ish topib, ruxsatimni ishchi vizaga o‘zgartirdim.

Bundan tashqari, oxirgi semestrlarda diplom ishini topshirib, ish beruvchi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lsa, vizani o‘zgartirish mumkin. Men aynan shu yo‘l bilan ishga qabul qilinganman. Qolaversa, Germaniyada qolib ishlash uchun diplomingiz kasbingizga to‘g‘ri kelishi va sohangiz bo‘yicha bo‘lishi shart.

Bu yerda Blue Card EU ish vizasi bor. Bu Germaniyada ishlaydigan yuqori malakali xorijiy mutaxassislar uchun eng mashhur va imtiyozli viza turi hisoblanadi. Bu kamyob kasb mutaxassislariga beriladi. Hozirda, IT sohasi ham ular qatoriga kiradi.

Viza uchun asosiy shart: kamida 6 oylik shartnoma, oylik va yo‘nalish muvofiqligi. 2025-yil uchun minimal maosh esa 48 300 yoki 43 759 yevroni tashkil etadi. Bu o‘zgarib turadi.

Germaniyada IT sohasida ishlamoqchi bo‘lganlar uchun muhim imkoniyatlardan biri shuki, agar oliy ma’lumoti bo‘lmasa ham, kamida 3 yillik ish tajribasi bo‘lsa, ishchi vizani olishi mumkin. Bu viza to‘rt yilgacha muddatga beriladi.

germaniya, ibm, mirabror mirzoxidov, xorijdagi o'zimiznikilar

Foto: Mirabror Mirzoxidovning shaxsiy arxividan

Shuningdek, oddiy ishchi vizasi ham mavjud. Agar kasbingiz talabgor kasblar ro‘yxatiga kirmasa yoki maosh Blue Card mezonlariga yetmasa, ushbu viza olinadi. Buning uchun quyidagi hujjatlar talab qilinadi:

  • pasport va amaldagi viza;
  • ish shartnomasi;
  • diplom yoki diplom ishining topshirilganligi haqidagi ma’lumotnoma;
  • sog‘liq sug‘urtasi hujjati;
  • ijara shartnomasi yoki yashash joyini tasdiqlovchi hujjat.

Yashash ruxsatnomasini (viza) olish uchun hujjatlar yashayotgan shahringizdagi chet elliklar bilan ishlovchi idora — Ausländerbehördega yuboriladi. Tekshiruvdan so‘ng suhbatga chaqirilasiz. Suhbatda biometrik rasm olinadi va viza to‘lovi amalga oshiriladi. Odatda 3−4 hafta ichida pochtangizga yashash ruxsatnomasi yuboriladi.

Germaniyaga moslashish

Dastlabki oylar eng murakkab davr bo‘ldi — madaniy tafovutlar yaqqol sezilgan. Bu holatni yengish uchun mahalliy talabalar bilan ko‘proq muloqot qilishga harakat qildim, ayniqsa nemis tilida erkin so‘zlashishni o‘rganishga alohida e’tibor qaratdim. Moslashuv davrimda universitet tomonidan xorijiy talabalar uchun tashkil etilgan maxsus dasturlar va mentorlik tizimi katta yordam berdi.

Shuningdek, Germaniyadagi byurokratik tartiblar ancha murakkab ekanini tezda angladim: ro‘yxatdan o‘tish, sug‘urtalash yoki yashash ruxsatnomasini olish uchun oldindan belgilangan uchrashuvlar va ko‘plab hujjatlar talab qilinadi.

Ta’lim tizimi ham O‘zbekistondagidan keskin farq qiladi. Bu yerda talabadan yuqori darajadagi mustaqil o‘rganish talab etiladi — professor mavzuni tushuntiradi, ammo chuqurlashtirilgan bilim olish talabaning o‘z zimmasida. Imtihonlar esa tahliliy yondashuv va mustaqil fikrlash qobiliyatini baholaydi. Dastlab qiynalgan bo‘lsam-da, vaqt o‘tishi bilan bu tizim amaliy ko‘nikmalar va real bilimlarni shakllantirishini tushundim va asta-sekin moslashdim.

Yashash xarajatlari

Germaniyada yashash xarajatlari tanlangan shahar va yashash tarziga bog‘liq holda farqlanadi.

Ijara: Myunxen, Frankfurt yoki Berlin kabi yirik shaharlarda ikki xonali kvartira ijarasi — oyiga 1 000−1 600 yevro atrofida. Shahardan tashqarida narxlar arzonroq, bu esa transport qulayligi va markazga yaqinligiga bog‘liq.

Oziq-ovqat: supermarketlardan xarid qilinsa, oylik xarajatlar 400−500 yevroni tashkil etadi.

Transport: jamoat transporti uchun abonement asosida oyiga o‘rtacha 60 yevro sarflanadi. Agar shaxsiy avtomobil ishlatilsa, yoqilg‘i, avtoturargoh, texnik xizmat va sug‘urta xarajatlari ancha ortadi.

Kiyim-kechak: brend va ehtiyojlarga qarab oyiga 200−400 yevro atrofida xarajat qilinishi mumkin.

Madaniy hordiq: kinoteatr, muzey, sport zali, kafe kabi tadbirlarga oyiga 200−300 yevro ajratiladi. Bu ko‘rsatkichlar o‘rtacha bo‘lib, har bir insonning ehtiyoji, yashab turgan shahri va turmush tarziga qarab o‘zgaradi.

Nega aynan IBM?

IBM— sun'iy intellekt, kvant hisoblashlari va blokcheyn texnologiyalarida yetakchi global kompaniyalardan biri bo‘lib, enterprise (tadbirkorlik) segmentida mustahkam o‘rin egallagan. Kompaniya xodimlarning rivojlanishiga alohida e’tibor qaratib, har bir bosqichda ularni qo‘llab-quvvatlaydi.

Kompaniyada nafaqat doimiy yangiliklardan boxabardor, balki o‘z sohangizda chuqur bilimga ega bo‘lishingiz mumkin. Mentorlik dasturlari orqali esa tajribali mutaxassislardan amaliy maslahat olish imkoniyati mavjud.

Ishga kirish jarayoni

IBM’dagi ishga qabul qilish jarayoni 3 ta asosiy bosqichdan iborat bo‘lib, har biri alohida tayyorgarlikni talab qildi:

1. Dastlabki HR suhbat. Bu bosqichda tajriba, motivatsiya, karyera rejalari va IBM kompaniyasi haqidagi fikrlar muhokama qilindi. Shuningdek, backend yo‘nalishida oddiy savollar beriladi.

Tayyorgarlik jarayonida men IBM’ning rasmiy sayti va bloglarini o‘rganib chiqqanman, kompaniya tizimi va strategiyasi haqida ma’lumot yig‘ganman.

Foto: Mirabror Mirzoxidovning shaxsiy arxividan

2. Texnik topshiriq (Coding). Bu bosqichda HackerRank va LeetCode platformalarida mashq qildim, chunki aynan algoritmik fikrlash va muammo yechish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkaziladi. Menga ikkita o‘rta darajadagi (medium) masala berildi.

3. Texnik suhbat (System design). Eng muhim bosqich — texnik suhbat bo‘lib, uni kompaniyaning senior yoki lead engineer’i o‘tkazdi. Bu yerda tizim dizayni, real loyihalarda duch kelgan muammolar, jamoaviy ish tajribasi muhokama qilinadi.

Tayyorgarlik uchun men “The system design interview” kitobini o‘qiganman va Glassdoor saytidagi real suhbat tajribalari bilan tanishganman. Shuningdek, o‘z portfolio loyihalarimni yaxshilab ko‘rib chiqdim. Strukturali va aniq javob berish uchun STAR (Situation, Task, Action, Result) metodikasi asosida javoblar tayyorladim — bu yondashuv juda foydali bo‘ldi.

IBM’dagi ish muhiti: ishonch, o‘sish va hamjihatlik

IBM’da ish boshlaganimda eng katta taassurot — kompaniyaning xodimlariga bildirgan ishonchi bo‘ldi. Mijozlarga qaratilgan loyihalarda ilk kundan boshlab fikrlarim inobatga olinishi yanada mas’uliyatli bo‘lishga undab, rivojlanishga ilhom berdi.

Kompaniyaning ichki ta’lim tizimi yuqori darajada rivojlangan. Yangi texnologiyalarni o‘rganish uchun kurslar, seminarlar hamda o‘quv materiallari yetarli. Katta korporatsiya bo‘lishiga qaramay, jamoa ichida do‘stona va qo‘llab-quvvatlovchi muhit hukm suradi.

IBM jamoasi xalqaro tajribaga ega bo‘lib, turli mamlakatlardan kelgan mutaxassislar bilan birga ishlash imkonini beradi. Ish jadvali esa moslashuvchan: haftasiga 2−3 kun ofisda, qolgan kunlari esa masofadan ishlash mumkin. Vazifalar murakkab bo‘lsa-da, sifatga e’tibor birinchi o‘rinda turadi. Muddatlar belgilangan, biroq ular ortiqcha bosim yoki stressga olib kelmaydi.

Mentorlik tizimi alohida ahamiyatga ega — har qanday savol bilan tajribali hamkasblarga murojaat qilish mumkin. Dastlabki bosqichda eng katta qiyinchilik yirik kod bazasini tushunish bo‘ldi. Bu muammoni kichik vazifalarni bajara borib, kodni bosqichma-bosqich o‘rganish orqali yengdim. Bu jarayonda senior dasturchilarning maslahatlari katta yordam berdi.

Yana bir murakkab jihat — mijoz talablari tez-tez o‘zgarib turishi hisoblanadi. Biroq vaqt o‘tishi bilan angladimki, muammolarni yashirish emas, balki ochiq muloqot qilish bu yerda qadrlanadi. Aynan shunday yondashuv jamoa ishonchini mustahkamlab, samarali yechimlar topishga xizmat qiladi.

Muhandis-dasturchidan yetakchi muhandislikka

Bu yerda 2023-yilda software engineer sifatida ish boshladim. 2025-yildan boshlab esa IBM Consulting bo‘limida yetakchi muhandis (Lead engineer) sifatida faoliyat yuritib kelyapman. Asosiy yo‘nalishlarim — sun’iy intellekt va backend dasturlash. Biz IBM mahsulotlari va ochiq manbali texnologiyalar asosida mijozlar uchun innovatsion yechimlar ishlab chiqamiz hamda ularning operatsion muammolarini texnologik asosda bartaraf etamiz.

Shuningdek, Germaniyada sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha muhim loyihada qatnashdim. Unda sug‘urta kompaniyalarining axborot tizimlari biz ishlab chiqqan platformaga muvaffaqiyatli integratsiya qilindi. Bu loyiha nafaqat texnik, balki tizimli fikrlash va koordinatsiya borasida ham muhim tajriba bo‘ldi.

Hozirda Germaniya va Shveysariyadagi yirik banklar hamda moliyaviy institutlar uchun SI asosidagi avtomatlashtirish tizimlari ustida ishlayapman. Bu tizimlar orqali nafaqat ichki jarayonlar optimallashtiriladi, balki mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati ham oshiriladi. Dastlab kod yozish bilan shug‘ullangan bo‘lsam, hozirgi rolimda IT arxitekturani loyihalash, mijozlar bilan strategik muzokaralar olib borish va jamoaga mentorlik qilish asosiy vazifalarimga aylangan.

Oylik maosh va bonuslar

IBM’da oylik ish haqi xodimning lavozim darajasi (band) va faoliyat yuritayotgan bo‘limi (business unit)ga qarab belgilanadi. Masalan, IBM Consulting, IBM technology, Research & Development kabi turli yo‘nalishlar mavjud.

Junior darajadagi dasturchilar odatda band 5 yoki 6 dan ish boshlaydi va ularga asosan oylik maosh to‘lanadi. Tajriba va malaka ortgani sari band darajasi oshadi: band 7, 8, 9 darajalarida bonuslar va qo‘shimcha moliyaviy rag‘batlantirishlar ham ko‘zda tutilgan. Bonuslar odatda ish natijalari, shuningdek, kompaniya siyosatiga qarab individual kelishuv asosida belgilanadi.

Levels.fyi platformasida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, IBM Germaniyada dasturiy ta’minot muhandisi maoshi band 6 uchun oyiga 5 000−6 000 yevrodan band 9 uchun 9 000 yevrogacha. Aksiyalar ham darajaga qarab ko‘tarilib boradi — 152,8 yevrodan 777,7 yevrogacha, bonuslar esa 98,5 yevrodan 187,4 yevrogacha boradi.

germaniya, ibm, mirabror mirzoxidov, xorijdagi o'zimiznikilar

Foto: Mirabror Mirzoxidovning shaxsiy arxividan

Germaniyada ayni damda eng daromadli IT yo‘nalishlar:

  • Backend dasturchilar (Java, C#): Germaniyada banklar va moliyaviy institutlar ko‘pligi sababli backend dasturchilar doimiy ehtiyojda. Tizimlarni yaratish, yangilash va qo‘llab-quvvatlash ishlari uchun Java va C# kabi texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar bozorda juda qadrlanadi.

  • Sun’iy intellekt va Machine learning mutaxassislari: SI bugungi kunda ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Yirik kompaniyalar sun’iy intellekt bo‘yicha alohida bo‘limlar tashkil qilmoqda, startaplar esa yangi SI mahsulotlar ustida ishlamoqda. Machine learning engineerlar bozorda eng ko‘p talab qilinadigan va yuqori maosh oladigan mutaxassislardan biri.

  • Biznes va tizim analitiklari: Bu soha ham daromadli yo‘nalishlardan biri sanaladi. Biroq, bu lavozimlar ko‘pincha yuqori darajadagi nemis tili va tanlangan soha (masalan, sug‘urta, bank, ishlab chiqarish) bo‘yicha chuqur bilimni talab qiladi.

Germaniya madaniyati va turmush tarzi

Nemislar juda punktual (vaqtga qat’iy rioya qiluvchi) va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qiluvchi xalq — bu holat avvaliga biroz sovuqqon yoki qo‘pol tuyulishi mumkin. Shuningdek, ijtimoiy munosabatlar biznikiga qaraganda rasmiyroq, masofa saqlanadi.

Germaniya tashqi tomondan juda rivojlangan va madaniyatli mamlakat bo‘lib ko‘rinsa-da, hayot sifati va turmush tarzi ko‘p jihatdan yashayotgan hududning (bundesland) iqtisodiy holatiga bog‘liq. Bu esa shuni anglatadiki, yashash sharoiti va ijtimoiy muhit shahardan shaharga sezilarli darajada farqlanishi mumkin. Masalan, men Germaniyaning kichikroq shahrida yashaganman, bu esa moslashuv jarayonini yengillashtirdi, chunki yirik shaharlardagi shovqin, stress yoki ko‘p millatli muhit bo‘lmagan.

Nemislar vaqtni qadrlashadi — o‘z vaqtlarini ham, boshqalarning vaqtini ham. Ish madaniyati kuchli: ular ish vaqtida maksimal darajada fokuslanadi va samaradorlikni yuqori darajada saqlashadi. Masalan, ish kuni soat 17:00 da tugasa, 17:30 da ofis deyarli bo‘shab qoladi. Bu ularning vaqtga sadoqatli va tartibli ekanligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, zarurat tug‘ilganda — ayniqsa loyiha yakunida yoki muhim natijalar kutilayotgan paytda — ular belgilangan me’yordan ortiqcha ishlashga ham tayyor bo‘lishadi.

Shuningdek, nemis ish muhitida soft-skills (yumshoq ko‘nikmalar) juda muhim: ular masalalarni chuqur tahlil qilib, fikr almashishga katta e’tibor berishadi.

Kasbiy xatolar va tavsiyalar

Dasturchilik faoliyatim davomida eng muhim saboqlardan biri — biror texnologiyani yetarlicha chuqur o‘rganmasdan, boshqa yo‘nalishga sakrash bo‘lgan. Dastlab bu menga ko‘proq imkoniyat kabi tuyulgandi, ammo amaliyotda bu yondashuv salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushundim. Chunki bu holatda hech bir texnologiyani chuqur bilmay qolish, kerakli vaqtda qaysi vosita qayerda ishlatilishini farqlay olmaslik ehtimoli oshadi. Bunday holat, ayniqsa, junior darajadagi dasturchilar orasida tez-tez uchraydi.

Yana bir xatolik — boshqalardan doimiy yo‘l-yo‘riq kutish edi. Ya’ni, dastlabki yillarda kimdir meni qo‘limdan ushlab o‘rgatishini, qanday harakat qilish kerakligini ko‘rsatishini kutganman. Vaqt o‘tib angladimki, bu noto‘g‘ri yondashuv. Inson o‘zi qiziqqan sohani mustaqil o‘rganishga kirishishi kerak — aynan o‘sha paytda haqiqiy o‘sish boshlanadi. Qiziqib o‘rganilgan bilim esa, nafaqat mustahkam bo‘ladi, balki boshqalardan savol so‘rash, chuqurroq fikrlash va jamoada faol bo‘lishni ham osonlashtiradi.

Tavsiyalar. Har qanday muammoni hal qilishdan oldin, uni chuqur tushunishga harakat qiling. Savol berishdan cho‘chimang. Texnik mutaxassis sifatida sizning asosiy vazifangiz — muammoni hal qiluvchi bo‘lish. Dasturlash asoslarini puxta egallashga e’tibor qarating. Bugun yangi dasturlash tillari va framework’lar bo‘laveradi, lekin kimki asoslarni chuqur o‘zlashtirgan bo‘lsa, moslasha oladi.

Matematika — bu shunchaki fan emas, balki mantiqiy va tizimli fikrlashni rivojlantirish vositasi. Boshlanishda bu ortiqcha yoki keraksizdek tuyulishi mumkin. Chunki hozirgi o‘quv markazlarining ko‘pchiligi qisqa vaqt ichida “framework” o‘rgatib, “dasturchi” bo‘lishni va’da qiladi. Ammo, kuchli poydevor — bu mantiqiy yondashuvda. Bu esa matematikadan boshlanadi.

Shuningdek, mukammallik illyuziyasiga tushmang — ideal holat mavjud emas. Ishlab turuvchi, foydali yechim ko‘proq ahamiyatli. Va albatta, ingliz tilini o‘rganing — bu sohada o‘sish va xalqaro maydonda o‘z o‘rningizni topish uchun til bilish muhim poydevor hisoblanadi.

germaniya, ibm, mirabror mirzoxidov, xorijdagi o'zimiznikilar

Foto: Mirabror Mirzoxidovning shaxsiy arxividan

O‘rganish jarayonida eng foydali bo‘lgan kitoblardan biri Martin Kleppmanning “Designing data-intensive applications” asari bo‘ldi. U zamonaviy dasturiy arxitektura, katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlash va tizimlarning ishonchliligini ta’minlashga oid juda muhim bilimlarni beradi. Shuningdek, tajribali muhandislar uchun mo‘ljallangan The pragmatic engineer blogi ham menga juda katta yordam bergan. Bu blogda real loyihalar, ish suhbati tajribalari va kasbiy o‘sishga oid aniq maslahatlar bilan tanishish mumkin.

Kelajakdagi rejalar

O‘zbekistonga qaytish — uzoq muddatli rejamda bor. Vatanim bilan aloqani saqlab turishga, imkon qadar o‘z bilim va tajribam bilan foydali bo‘lishga harakat qilaman. Hamkorlik qilishga har doim ochiqman — ayniqsa, texnologik rivojlanish, startaplar yoki IT-ta'lim yo‘nalishlarida.

Ayni damda IBM kompaniyasida mutaxassis sifatida o‘sishim davom etmoqda. So‘nggi yillarda nafaqat texnik bilimlarim, balki menejerlik va jamoani boshqarish ko‘nikmalarim ham ancha mustahkamlandi. Bugungi kunda murakkab loyihalarni boshqarish, mijozlar bilan strategik darajada ishlash va boshqa dasturchilarga mentorlik qilish imkoniga egaman.

Albatta, bu hali yo‘lning oxiri emas. Texnologiyalar tez o‘zgarayotgan bir vaqtda, doimiy o‘rganish va rivojlanish — bu sohadagi asosiy tamoyil. Shu yo‘nalishda faol harakat qilaman va vaqt kelib, O‘zbekiston IT sohasiga ham o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman.