Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zuhra Mirg‘oziyeva Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevga deputat so‘rovi yubordi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, so‘nggi vaqtlarda moliyaviy va axborot texnologiyalari sohasida savodxonlik yetishmasligi tufayli ayrim fuqarolar firibgarlik qurboniga aylanmoqda. Ayrim fuqarolar elektron raqamli imzo kalitini boshqa shaxslarga berib qo‘ymoqda. Bu esa ular nomidan qonun bilan ruxsat berilgan harakatlarni amalga oshirishga yo‘l ochmoqda.

Shu bois deputat so‘rov orqali sohani takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar kiritgan. Jumladan, ERI kaliti faqatgina ro‘yxatdan o‘tgan qurilma (kompyuter yoki smartfon) orqali ishlatilganda — agar boshqa qurilma orqali foydalanilsa, FaceID orqali tasdiq talab etilishi so‘ralgan.

Shuningdek, har qanday holatda fuqaro ERI bilan kirsa, FaceID orqali autentifikatsiya talab etilishi (banklardagi plastik kartalardagi biometriya tizimi singari).

Deputat tomonidan mazkur taklifning amalga oshirilishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar yuzasidan 10 kun ichida asoslangan fikr va munosabatini yuborish so‘ralgan.

Avvalroq Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha bilan soliq munosabatlarida foydalaniladigan elektron hujjatlarni Face-ID yoki barmoq izlari orqali tasdiqlash elektron raqamli imzoga tenglashtirilgani haqida xabar berilgandi.