Hududlarda infratuzilmani rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan parlament so‘rovi yuboriladi, deya xabar berdi Senat matbuot xizmati.

Senatning 9-yalpi majlisida Senat a’zolari ayrim hududlarda infratuzilmani rivojlantirish va qurilish ishlari qonunlarga to‘liq amal qilinmagan holda olib borilayotganini ta’kidlashdi.

Xususan, ko‘p qavatli uylar atrofida noqonuniy va o‘zboshimcha qurilishlar, umumiy foydalanishdagi joylarning to‘sib qo‘yilishi kabi muammolar mavjudligi, bu holatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yetarli emasligi qayd etildi.

Bundan tashqari, texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmagan, aniq hisob-kitobi yo‘q loyihalarga tashqi manbalardan mablag‘ jalb qilish oqibatida xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan bir yil va undan ortiq muddatdan beri foydalanilmasdan kelinayotgani ham aytildi.

Muhokama yakunida ushbu va boshqa bir qator masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Senatning Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Avvalroq Spot Toshkentda 59 ta noqonuniy qurilish obyektida ishlar to‘xtatilgani haqida yozgandi. Shuningdek, faoliyati to‘xtatilgan quruvchilar ro‘yxatini taqdim etgan edi.

Iyul oyida Qurilish vazirligi qoidabuzarliklar tufayli Toshkentdagi uchta turar-joy majmuasi: Sergeli City, Uchtepa City va Strong Cities qurilishini to‘xtatgan edi.